2016 yilda APL chempioni bo'lgan «Lester» Angliyaning uchinchi divizioniga tushib ketdi
22 APREL, 2026, 08:42
«Lester» klubi Angliya Chempionshipidan uchinchi divizionga tushib ketdi. 44 ta turdan so'ng «tulkilar» 42 ochko jamg'arib, musobaqa jadvalida 23-o'rinni egallab turibdi. Mavsum yakunigacha yana ikki tur qolgan bo'lsa-da, jamoa ligada qolish uchun matematik imkoniyatlarni yo'qotdi.
21-pog'onada borayotgan «Blekbern Rovers» 44 o'yindan so'ng 49 ochko to'plagan va shu tariqa «Lester» uchun etib bo'lmas ustunlikka ega.
Eslatib o'tamiz, o'tgan mavsumda «Lester» Angliya Premer-ligasida ishtirok etgan edi. Jamoa chempionatni 25 ochko bilan 18-o'rinda yakunlab, Chempionshipga tushib ketgandi.
Fevral oyida klubga 2023/2024 mavsumida moliyaviy barqarorlik va daromad qoidalarini buzgani uchun olti ochko jazo sifatida olib tashlangan edi.
Qayd etish joiz, «Lester» 2015/2016 mavsumida sensatsion tarzda Angliya chempioniga aylangan. O'shanda Klaudio Raneri shogirdlari 38 turda 81 ochko to'plab, eng yaqin ta'qibchisi «Arsenal»ni 10 ochkoga ortda qoldirgan.
