Holand: “Abduqodir Husanov — jamoamiz uchun haqiqiy topilma”
20 APREL, 2026, 10:42
Angliyaning “Manchester Siti” klubi hujumchisi Erling Holand o'zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Norvegiyalik forvard “Husa”ning jamoaga moslashuv jarayoni va bosimlarga dosh berish qobiliyatini alohida e'tirof etdi.
Holandning so'zlariga ko'ra, Husanov uchun Angliya Premer Ligasidagi ilk davrlari oson kechmagan:
«"Husa" jamoamiz uchun haqiqiy topilma bo'ldi. U uchun hammasi oson bo'lgani yo'q: yangi mamlakatga ko'chib o'tish, tilni bilmaslik — bular juda og'ir. Buning ustiga, u Angliya Premer Ligasidagi ilk o'zbekistonlik futbolchi bo'lgani uchun uning elkasida katta bosim bor edi», — deya Holandning so'zlarini keltirmoqda Sky Sports.
Eslatib o'tamiz, Abduqodir Husanov 2025-yilning yanvar oyida Frantsiyaning “Lans” klubidan “shaharliklar” safiga kelib qo'shilgan edi. Joriy mavsum 22 yoshli himoyachi barcha musobaqalar doirasida jami 31 ta o'yinda maydonga tushdi. Transfermarkt portali o'zbekistonlik futbolchining bozor qiymatini 35 million evroga baholamoqda. Husanovning “Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2029-yilning yoziga qadar mo'ljallangan.
