«PSJ» Yan Diomande transferi bo'yicha muzokaralarni boshladi
19 APREL, 2026, 13:30
Germaniyaning «RB Leyptsig» klubiga tegishli bo'lgan hujumkor yarim himoyachi Yan Diomande faoliyatini Frantsiya Liga 1da davom ettirishi mumkin. Bu haqda L’Équipe nashri xabar bermoqda.
Jurnalistlarga ma'lum bo'lishicha, 19 yoshli vingerni o'z safiga qo'shib olishga «PSJ» qiziqish bildirmoqda. Parijliklar sport direktori Luish Kampush istiqbolli futbolchining agentlari bilan dastlabki muzokaralarni o'tkazdi.
Diomandening bozor qiymati 75 million evroga baholanmoqda. Ivuarlik futbolchining «buqalar» bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2030 yilning iyun oyi oxirigacha mo'ljallangan. Joriy mavsumda vinger 32 ta uchrashuvda ishtirok etib, 13 ta gol va 8 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
