«Real» «Bornmut»ning 19 yoshli yulduziga qiziqish bildirmoqda
17 APREL, 2026, 11:36
Angliyaning «Bornmut» klubi hujumchisi Eli Junior Krupi Madridning «Real» klubi qiziqishlari doirasiga tushib qoldi.
Avvalroq xabar berilganidek, 19 yoshli futbolchini Premer-liga grandlari diqqat bilan kuzatib borishmoqda, biroq xorijiy top-klublar ham chetda qolayotgani yo'q. Jurnalist Ekrem Konurning ma'lumotlariga ko'ra, istiqbolli frantsuz uchun da'vogarlar qatorida «Real» ham bor. «Olchalar» hujumchi sotuvidan taxminan 63-69 million evro ishlab olishni niyat qilishgan.
Transfermarkt portali talqiniga ko'ra, Eli Junior Krupining bozor qiymati 40 million evroni tashkil etadi. Angliya chempionatining joriy mavsumida futbolchi 27 ta o'yinda ishtirok etib, o'z hisobiga 10 ta gol yozdirib qo'yishga muvaffaq bo'ldi.
