Manuel Pellegrini: «Favorit yo'q, ammo...»
16 APREL, 2026, 22:54
2020 yildan beri Ispaniyaning «Betis» klubini boshqarib kelayotgan Manuel Pellegrini Evropa Ligasi chorak finalidan o'rin olgan javob uchrashuvi oldidan o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. «Betis»ning raqibi Portugaliyaning «Braga» jamoasi bo'lib, dastlabki bahsda jamoalar 1:1 hisobida durang o'ynashgan edi.
«Safarda durang qayd etganimizdan so'ng, zimmamizdagi mas'uliyat yanada oshdi. Biz u erda yutqazmaslik vazifasini uddaladik, biroq hozircha favorit yo'q», — dedi Pellegrini UEFAga bergan intervyusida.
Mavsum davomida salomatligi bilan bog'liq muammolarga duch kelgan Isko to'pig'idagi sinish jarohatidan so'ng tiklandi, ammo murabbiy uning to'liq o'yinni o'tkaza olmasligini ta'kidlab o'tdi.
Ushbu juftlik g'olibi yarim finalda «Frayburg» yoki «Selta» jamoalaridan biri bilan to'qnash keladi. «Betis» va «Braga» o'rtasidagi uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.
