Humoyun Sultonov CHin yurtidagi turnirda 1/8 finalga chiqdi
15 APREL, 2026, 15:48
Xitoyning Uning shahrida "CHellenjer" turkumiga kiruvchi, mukofot jamg'armasi 63 000 dollarni tashkil etuvchi turnir davom etmoqda.Hamyurtimiz Humoyun Sultonov saralashning har ikki uchrashuvida ATP reytingida o'zidan sezilarli darajada yuqorida borayotgan raqiblarini mag'lubiyatga uchratib, asosiy to'rga yo'llanma olgandi.
Biroz avval mamlakatimizning ikkinchi raketkasi 1/16 finalda asosiy to'rga imtiyozli ravishda qo'yilgan xitoylik Aoran Vangi mag'lubiyatga uchratdi. Sakson sakkiz daqiqa davom etgan bahsda Sultonov reytingning 911-pog'onasidan joy olgan mezbon tennischidan 6/3, 7/6(4) hisobida ustun keldi.
Taqqoslash uchun, Sultonov ATP reytingida 871-o'rinni egallab turibdi. Har ikki tennischi ham bugungi uchrashuvida bir xilda - 14 tadan eys zarbasini amalga oshirgan. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ikkinchi uchrashuvi bo'ldi. 2019 yilda o'tgan ilk bahsda ham Humoyunning qo'li baland kelgan edi.
Endi Sultonov 1/8 finalda turnirning uchinchi raketkasi Sun Fajingga qarshi kortga chiqadi. Dunyoning 244-raketkasi bo'lib turgan xitoylik tennischi bugun 1/16 finalda avstraliyalik (ATP reytingidagi o'rni 507) Tay Sachni ortiqcha qiyinchiliksiz engdi - 6/2, 6/1. Sultonov - Fajing uchrashuvi bizning vaqt bilan ertaga soat 07:00da boshlanadi.

Manba: olamsport.com
