«Liverpul»ning sobiq yarim himoyachisi APLga qaytishga qaror qildi
14 APREL, 2026, 11:00
Hozirda Saudiya Arabistonining «Al-Ittifoq» jamoasida to'p tepayotgan niderlandiyalik xavbek Jorjino Veynaldum Evropa futboliga qaytishi mumkin. Bu haqda Sky Sports jurnalistlari xabar bermoqda.
Manbaning bergan ma'lumotiga ko'ra, tajribali yarim himoyachi faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettirish istagini bildirgan. Eslatib o'tamiz, u ilgari APLda «Nyukasl» va «Liverpul» klublari sharafini himoya qilgan.
Veynaldumning saudiyaliklar bilan tuzgan amaldagi mehnat shartnomasi joriy mavsum yakunida o'z nihoyasiga etadi. Saudiya Arabistoni chempionatining ushbu mavsumida 35 yoshli futbolchi 27 ta o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga 14 ta gol va 6 ta golli uzatmani yozdirib qo'yishga muvaffaq bo'ldi.
