logotip
Привет, Гость!
Сейчас: 20:32
Вход Регистрация
РЕКОМЕНДУЕМ
Sport yangiliklari (new)
Erkaklar qomatini sozlovchi mayka
Qomatni tik tutushga vibratsiyali korrektor
Новостная лента

Gvardiola «Siti» boshqaruvini qo'lga olganidan buyon…

 13 APREL, 2026, 23:48

Ispaniyalik Xosep Gvardiola 2016 yili «Manchester Siti» boshqaruvini qo'lga olganidan buyon jahon futbolida transferlar uchun eng ko'p mablag' sarflagan murabbiy hisoblanadi. Oxirgi 10 yillikda shayxlardan tarkibni kuchaytirish yo'lida 2,05 milliard evro «undirgan» Pep bu borada yaqin ta'qibchilaridan ancha oldinda – o'rtada katta farq bor…

Ortga nazar tashlasak, Xosep Gvardiola mavsum-2016|2017 oldidan «Manchester Siti»ni qarib borayotgan tarkibini meros qilib oldi va birinchi urinishdayoq Ilkay Gyundogan, Leroy Sane, Jon Stounz, Klaudio Bravo va Gabriel Jezus kabi yangi futbolchilar transferiga 190 mln. evrodan ortiq mablag' sarfladi. Biroq katta xarajat uning debyut mavsumida aytarli natija keltirmadi: «shaharliklar» APLda 3-o'rin bilan cheklanishdi va birorta sovrin yuta olishmadi. Shunga qaramay Gvardiola tez orada o'z ritmiga tushdi. Xususan, jamoa uning ikkinchi mavsumida Ederson, Bernardo Silva, Kayl Uoker, Benjamin Mendi va Emerik Lyaport xaridiga yana 280 mln. evro ajratdi. Bu Gvardiolaning murabbiylik tarixidagi eng yaxshi transferlar kampaniya­si bo'ldi, shubhasiz. Har holda, o'sha mavsum xarid qilingan aksariyat futbolchilar klubda uzoq va muvaffaqiyatli faoliyat olib borishdi. Asosiysi, «Manchester Siti» yangilangan tarkib bilan APLda zafar kuyini chaldi rekord darajada ko'p ochko (100ta) to'plagan holda.

Umuman, Gvardiola jamoasi mavsum-2017|2018dan e'tiboran 6ta urinishdan 5tasida Angliya chempioni bo'ldi. Shuncha vaqt oralig'ida esa yangi futbolchilar transferiga 970 mln. evrodan ko'p mablag' ketdi. Ha, «Manchester Siti» oxirgi 18 oyda ancha qiynaldi, lekin Xosep Gvardiolaning transfer xarajatlari o'sishda davom etmoqda. Xususan, oxirgi xaridlar (Antuan Semeno va Mark Gexi) ham arzonga tushmadi. Nazariy jihatdan qaraganda, Gvardiola hozir o'tgan yilning yanvar oyidan buyon klub bilan shartnoma tuzgan futbolchilarning o'zidan bahosi 415 mln. funt sterlingga teng boshlang'ich tarkib shakllantirishi mumkin bemalol. Xullas, Transfermarkt portali ma'lumotlariga ko'ra, Gvardiola «Manchester Siti» rulini qo'lga olganidan buyon klubning transferlar xarajati 2,05 mlrd. evroga etdi. Jamoa bu orada ispaniyalik mutaxassis talabi bilan 67 nafar futbolchini sotib olganini hisobga olsak, 1ta transferning o'rtacha qiymati 30,5 mln. evroni tashkil etdi. Gvardiola bugungi futbolda eng kuchli murabbiylardan biri ekanligini hech kim inkor etolmaydi, ammo uning aksariyat hamkasblariga nisbatan ancha ko'p moliyaviy yordam olgani – ayni haqiqat.

Oxirgi 10 yillikning serxarajat murabbiylari ro'yxatiga qarasak, Xosep Gvardiolaning eng yaqin ta'qibchisi – Diego Simeone. Argentinalik mutaxassis «Atletiko» boshqaruvida mavsum-2016|2017dan buyon 1,22 mllrd. evro sarfladi. O'rtadagi farqqa qarang… Aytgancha, Simeone hozirga qadar dunyodagi eng ko'p maosh oluvchi murabbiy bo'lib qolmoqda. Uning hissasiga to'g'ri kelayotgan umumiy mablag'da Joau Felish, Xulian Alvares va Tomas Lemar kabi futbolchilar transferi  alohida vaznga ega. Umuman, 2016 yildan buyon Gvardiola va Simeonedan tashqari, yana 7 nafar murabbiy xarajat bobida 1 mlrd. evro marrasidan oshdi. Gap Antonio Konte, Massimiliano Allegri, Tomas Tuxel, Unai Emeri, Mikel Arteta, Erik ten Xag va Eddi Xau haqida ketmoqda. Diqqatni tortadigan jihat – 2016|2017 yillar mavsumidan e'tiboran transferlar uchun eng ko'p pul talab qilgan 10 nafar murabbiy qatorida portugaliyalik Nunu Eshpiritu Santu ham bor. U umumiy chiqim miqdori bo'yicha hatto Yurgen Klopp, Maurisio Pochettino, Joze Mourino va Luis Enrikedan ham oldinda.

Xosep Gvardiola «Manchester Siti»da ish boshlagani (2016|2017 yillar mavsumi)dan buyon jahon futbolida transferlarga eng ko'p mablag' sarflagan murabbiylar (Capology ma'lumoti)

1. Xosep Gvardiola – 2,05 mlrd. evro

2. Diego Simeone – 1,22 mlrd. evro

3. Antonio Konte – 1,19 mlrd. evro

4. Massimiliano Allegri – 1,17 mlrd. evro

   Tomas Tuxel – 1,17 mlrd. evro

6. Unai Emeri – 1,13 mlrd. evro

7. Mikel Arteta – 1,09 mlrd. evro

8. Erik ten Xag – 1,07 mlrd. evro

9. Eddi Xau – 1,01 mlrd. evro

10. Nunu Eshpiritu Santu – 985 mln. evro

Jahongir MIRZO tayyorladi

Manba: stadion.uz

butsanet

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR
ЗАБАВНЫЕ ФАКТЫ И ЦИТАТЫ