«Bavariya» hujum chizig'ini 60 million evroga kuchaytirmoqchi
13 APREL, 2026, 23:18
«Bavariya» joriy mavsumda hujum chizig'ida ajoyib o'yin ko'rsatmoqda. Shunga qaramay, myunxenliklar shu yozda tarkibni yanada kuchaytirishni rejalashtirishgan. Germaniyaning Sky nashri xabar berishicha, Bundesliga grandi Luis Dias bilan raqobatlashishi uchun «Nyukasl»dan Entoni Gordonni sotib olmoqchi.
Manbaning ma'lumotlariga ko'ra, «Bavariya» va Gordonning vakillari o'rtasida allaqachon aniq muzokaralar bo'lib o'tgan. Biroq myunxenliklar APL klubi bilan hali bog'lanishmagan. Futbolchining «Nyukasl» bilan shartnomasida uni tovon puli evaziga sotib olish optsiyasi mavjud emas. Ehtimoliy kelishuv summasi taxminan 60 million evroni tashkil qilishi mumkin.
25 yoshli Entoni Gordonning «Nyukasl» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning o'rtalarigacha mo'ljallangan.
