«Real» va «Barselona» niderlandiyalik iqtidor uchun kurashadi
10 APREL, 2026, 23:18
«AZ Alkmar»ning 20 yoshli iqtidorli yarim himoyachisi Kes Smit Madridning «Real» va «Barselona» klublari e'tiboriga tushdi. Bu haqda Caught Offside nashri xabar tarqatmoqda.
Manbaga ko'ra, niderlandiyalik futbolchining o'yinini nafaqat Ispaniya grandlari, balki Angliyaning «Nyukasl Yunayted», «Manchester Yunayted», «Arsenal» va «Liverpul» klublari ham kuzatib bormoqda. «AZ Alkmar» o'z tarbiyalanuvchisini 45–50 million evroga baholamoqda.
Joriy mavsumda Kes Smit barcha turnirlarda 42 ta o'yinda maydonga tushib, 4 ta gol urdi va 8 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yozigacha mo'ljallangan. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 25 million evro etib belgilagan.
Qayd etilishicha, Smitning o'zi Ispaniya La Ligasida o'ynashga ishtiyoqi baland va yoshligida Inesta hamda Messining o'yinlarini kuzatib, «Barselona»ga muxlislik qilganini yashirmagan.
