Agent Entso Fernandesning kelajagiga oydinlik kiritdi
10 APREL, 2026, 11:24
«Chelsi» yarim himoyachisi Entso Fernandesning manfaatlarini himoya qiluvchi agent Xaver Pastore o'z mijozining kelajagi borasida yangicha izoh berdi.
Bir necha oydan beri yarim himoyachining yaqin orada klubini almashtirishi haqidagi mish-mishlar tinmayapti. Yaqinda «ko'klar» argentinalik futbolchi Madridda yashash istagini ochiqchasiga bildirgani uchun uni rasman ikkita o'yinga chetlatgan edi. Unga da'vogarlar qatorida nafaqat «Real», balki «PSJ» ham tilga olinmoqda.
«Mening «PSJ» bilan aloqam borligini hisobga olsak, bunday gap-so'zlarda ajablanarli narsa yo'q. Entso bu mavsumni «Chelsi»da yakunlaydi, so'ngra Jahon chempionatida ishtirok etadi. U Chempionlar ligasida o'ynashni istaydi — ko'ramiz, jamoa u erga yo'llanma ola bilarmikan. Hozircha, ochig'ini aytsam, biz transfer haqida o'ylayotganimiz yo'q», — deya Pastorening so'zlarini keltirmoqda Onze Mondial.
Entso Fernandesning «Chelsi» bilan shartnomasi 2032 yilga qadar mo'ljallangan.
