Javohir Sindarov: «Pozitsiya barqaror edi, lekin imkoniyat topilgach bosimni oshirdim»
5 APREL, 2026, 00:00
Nomzodlar turniri 6-turidan so'ng Javohir Sindarov Vey Yi ustidan qozongan g'alabasini batafsil sharhlab berdi.
Uning aytishicha, partiya murakkab va ikki tomon uchun ham xavfli bo'lgan:
“Boshlanishida pozitsiya yomon emas edi, lekin bir payt biroz noqulay bo'la boshladi. Keyin fil d4'ga kelgach, o'yinim ochildi. Shu bilan birga vaqt ustunligi ham paydo bo'ldi va asta-sekin bosim qilishni boshladim”.
Sindarov o'yinning muhim jihatlaridan biri — vaqt omili ekanini yana bir bor ta'kidladi:
“Agar vaqt ko'p bo'lsa, o'zingni ancha dadil his qilasan. Kichik taktik detallarni o'tkazib yubormaslik juda muhim. Shuning uchun vaqt ustunligi bo'lsa, tezroq o'ynayman, lekin hammasini tekshirib boraman”.
U debyut bosqichi haqida ham qiziqarli fikr bildirdi:
“4-yurishdan keyin men deyarli tayyorgarlikdan chiqdim. Bu variantni aniq tayyorlamagandim. a3 yurishi men uchun kutilmagan bo'ldi, lekin pozitsiya juda yomon emas — o'ynasa bo'ladigan edi”.
Dinamik pozitsiyalar uning uslubiga mos kelishini ham yashirmadi:
“Men dinamik o'yinlarni yoqtiraman. Ikkala tomon uchun ham g'alabaga imkoniyatlar bo'lgan pozitsiyalarda o'ynashdan zavq olaman”.
Sindarov hatto durang natijani ham yomon deb hisoblamaganini aytdi:
“Agar raqib juda aniq himoyalansa, durang ham yomon natija bo'lmasdi. Lekin tseytnotda u kichik xatolarga yo'l qo'ydi va men ularni aniq ishlata oldim”.
Turnir davomida qanday yondashuvni tanlagani haqida esa u shunday dedi:
“Bu mening birinchi Nomzodlar turnirim, albatta juda muhim turnir. Lekin ortiqcha bosim bo'lsa, o'ynash qiyinlashadi. Shuning uchun shunchaki oddiy shaxmat o'ynashga harakat qilyapman”.
O'ziga bo'lgan ishonch haqida esa u juda muhim fikr bildirdi:
“Agar turnir oldidan yaxshi tayyorlansam, o'zimga ishonaman. Qiyin pozitsiyalarda ham to'g'ri yurishlarni topa olishimga ishonch bo'ladi”.
Yakunda u yana bir muhim jihatni ta'kidladi:
“Bu vaqt nazoratida o'ynashni ham endi o'rganyapman. Hali ko'p narsani o'rganishim kerak, lekin hozircha hammasi yaxshi ketmoqda”.
Endi ertaga 1-davraning oxirgi o'yini Anish Giriga qarshi bo'lib o'tadi.
