Xvicha “Arsenal” futbolchisiga aylanishi mumkin
2 APREL, 2026, 06:42
Londonning “Arsenal” klubi Xvicha Kvaratsxeliya transferi bo'yicha “Pari Sen-Jermen” bilan kelishuvga erishdi. Bu haqda “to'pchilar”ga oid insayd ma'lumotlarini sizdirib boruvchi Arsenal News nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Gruziya terma jamoasi a'zosi shaxsiy shartnoma shartlari kelishilganidan va tibbiy ko'rikdan o'tganidan so'ng 2026 yil yozida klub safiga qo'shiladi.
Ma'lumot uchun, Xvicha Kvaratsxeliya 2025 yilning yanvar oyida Parij klubiga kelib qo'shilgan edi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo'ljallangan.
Yakunlanayotgan mavsumda futbolchi barcha turnirlar doirasida jami 37 ta o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga 12 ta gol va 7 ta golli uzatmani yozdirib qo'ydi. Transfermarkt portali hujumchining ayni paytdagi bozor qiymatini 90 million evroga baholamoqda.
“Kvaradona” 25 yoshda. U “Napoli”dagi yorqin o'yinlari sabab muxlislar uni klub afsonasi Diego Maradonaga qiyoslab, shunday nom bilan atashgan. Xvicha Neapol klubi safida Italiya A Seriyasi g'olibligini qo'lga kiritgan.
U “PSJ” tarkibida UEFA Chempionlar Ligasi, FIFA Qit'alararo Kubogi, UEFA Superkubogi, Frantsiya chempionati, Kubogi va Superkubogida zafar quchgan.
