Donnarumma Bosniyaga qarshi final oldidan fikr bildirdi
31 MART, 2026, 12:12
«Manchester Siti» va Italiya terma jamoasi darvozaboni Janluiji Donnarumma Jahon chempionati — 2026 saralashining hal qiluvchi uchrashuvi haqida o'z fikrlarini bildirdi. Bugun, 31 mart kuni Italiya jamoasi Evropa saralashi pley-off bosqichi finalida Bosniya va Gertsegovinaga qarshi maydonga tushadi.
«Hammamiz vaziyatning qanchalik muhimligini tushunib turibmiz va natijaga erishishni istaymiz. Bu — ijobiy hayajon. Shunchaki o'z ishimizni qilishimiz kerak, qolgani o'z-o'zidan keladi. Jamoamiz yosh, shuning uchun hayajon va adrenalin bo'lishi tabiiy. Eng muhimi — o'tmishdagi xatolarni takrorlamasdan, bor imkoniyatimizni ko'rsatishdir.
Terma jamoada erishgan natijalarimizdan faxrlanaman, garchi og'ir damlar, jumladan, ikkita Jahon chempionatini o'tkazib yuborgan vaqtlarimiz bo'lgan bo'lsa-da. Biz Italiyani o'zi loyiq bo'lgan joyga qaytarmoqchimiz. O'tgan turnirga chiqa olmaganimiz biz uchun qanchalik og'ir bo'lganini faqat o'zimiz bilamiz. Endi esa muxlislarimizga va o'zimizga quvonch bag'ishlash uchun bor kuchimizni berishga tayyormiz», — deya Donnarummaning so'zlaridan iqtibos keltirmoqda Sky Sport Italia.
Agar Italiya (yoki Bosniya va Gertsegovina) JCh-2026 yo'llanmasini qo'lga kiritsa, «B» guruhidan joy oladi va u erda Kanada, Qatar hamda Shveytsariya bilan to'qnash keladi.
