Italiyalik askar Bosniya mashg'ulotini yashirincha videoga oldi
31 MART, 2026, 12:00
Evropa Ittifoqining tezkor harakat qilish kuchlari (EUFOR) tarkibidagi italiyalik askar Bosniya va Gertsegovina terma jamoasining mashg'ulotini videoga olayotgan vaqtda qo'lga tushdi. Bu haqda Sportsport.ba nashri xabar bermoqda. 31 mart kuni JCh-2026 saralashining pley-off bosqichi finalida Bosniya va Italiya terma jamoalari o'zaro to'qnash kelishadi.
Nashrning ma'lumotiga ko'ra, harbiy xizmatchi Bolqon jamoasining mashg'uloti paytida to'siq yoniga kelib, sodir bo'layotgan jarayonni telefonga muhrlay boshlagan. Italiyalik askar zudlik bilan payqab qolingan va to'xtatilgan. Keyinchalik Bosniya va Gertsegovina futbol assotsiatsiyasi EUFOR missiyasiga rasmiy shikoyat yo'lladi.
Eslatib o'tamiz, pley-off bosqichining yarim finalida Italiya terma jamoasi Shimoliy Irlandiyani 2:0 hisobida mag'lub etgan edi. Bosniya va Gertsegovina esa Uels ustidan zafar quchgan (asosiy vaqt — 1:1, penaltilar seriyasida — 4:2).
