Karlo Anchelotti Braziliya qanday holatda JCh–2026da g'alaba qozonish mumkinligi aytdi
30 MART, 2026, 23:36
Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Xorvatiyaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi oldidan Madridning «Real» klubi sobiq yarim himoyachisi Luka Modrichni yuqori baholadi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Italiyalik mutaxassisning so'zlariga ko'ra, 40 yoshli xorvat hozirgi paytda ham o'ziga xos va noyob futbolchi bo'lib qolmoqda.
«Modrich maydonda istalgan pozitsiyada o'ynay oladi, chunki u universal yarim himoyachi. U men boshqargan eng yaxshi o'yinchilardan biri. U ajoyib professional. Modrich — noyob. Dunyoda unga o'xshash boshqa futbolchi yo'q», — dedi Anchelotti.
Shuningdek, murabbiy Frantsiyaga qarshi 1:2 hisobidagi mag'lubiyatdan keyin jamoasining holatiga ham izoh berdi.
«Albatta, biz yanada o'sishimiz kerak. Ammo Jahon chempionatida nima qilishni aniq bilamiz. Xotirjam bo'lish kerak, chunki murabbiylar shtabi va federatsiya biz to'g'ri yo'ldamiz, deb ishonmoqda. Shu paytgacha yaxshi ish olib bordik, deb o'ylayman», — dedi u.
Anchelotti ta'kidlashicha, Jahon chempionatida g'alaba qozonish uchun Braziliyaga faqat hujumda yorqin o'yinning o'zi etarli emas.
«Braziliya chempion bo'lishi uchun bizga iqtidor kerak — va u bizda bor. Ammo bundan tashqari, yaxshi himoya ham zarur. Boshqa yo'l yo'q. Men faqat hujumkor futbolga ishonmayman», — dedi murabbiy.
Shuningdek, u jamoa etakchilari Vinisius Junior va Rafinya haqida ham fikr bildirdi.
«Hozir Vinisius va Rafinya dunyodagi eng yaxshi futbolchilar qatoriga kiradi. Jahon chempionatida ham ular eng yaxshilardan bo'lishiga ishonaman. Ikkalasida ham kuchli xarakter va shaxsiyat bor», — deya qo'shimcha qildi Anchelotti.
Bundan tashqari, murabbiy «Flamengo» himoyachisi Danilo JCh–2026 uchun yakuniy ro'yxatdan joy olishini tasdiqladi.
«Danilo nafaqat maydonda, balki undan tashqarida ham juda muhim o'yinchi. U 26 nafarlik yakuniy tarkibdan aniq joy oladi, chunki menga uning xarakteri, shaxsiyati va o'yin uslubi yoqadi. U himoyada istalgan pozitsiyada o'ynay oladi», — deya ta'kidladi mutaxassis.
Eslatib o'tamiz, Braziliya va Xorvatiya terma jamoalari o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvi 1 aprel kuni Orlandoda bo'lib o'tadi. Uchrashuv 05:00 (Toshkent vaqti)da start oladi.
