Rummenigge: «Maykl Olise atrofidagi mish-mishlar — bu shunchaki media tsirki»
30 MART, 2026, 13:30
Myunxenning «Bavariya» klubi kuzatuv kengashi a'zosi Karl-Xaynts Rummenigge jamoaning hujumkor yarim himoyachisi Maykl Olisening ehtimoliy transferi haqida o'z fikrlarini bildirdi.
«Klubda Olise haqidagi mish-mishlarni tabassum bilan qabul qilishmoqda. Bu shunchaki media tsirki. Mayklning amaldagi shartnomasi bo'yicha yana uch yili bor. Boshqa aytadigan gapim yo'q. Aynan mana shunday futbolchilar uchun stadionlardagi tribunalar to'ldiriladi», — deya AS nashri Rummeniggening so'zlarini keltiradi.
Joriy mavsumda frantsiyalik vinger Germaniya grandi safida 38 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Olise o'z hisobiga 16 ta gol va 25 ta golli uzatmani yozdirib qo'yishga muvaffaq bo'ldi.
Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 140 million evroga baholamoqda.
