Salohning «Liverpul»dan ketishi «Inter»ga yangi transfer bo'yicha yo'l ochishi mumkin
30 MART, 2026, 07:54
Milanning «Inter» klubi Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» jamoasi vingeri Mussa Diabini o'z safiga qo'shib olishga qiziqish bildirmoqda.
Jidda klubi mavsum yakunida «Liverpul»ni tark etadigan Muhammad Salohga asosiy da'vogarlardan biri hisoblanadi. Gazzetta dello Sport nashrining xabar berishicha, agar misrlik futbolchi jamoaga kelsa, Diabi katta ehtimol bilan sotuvga qo'yiladi. Bunday holatda «Inter» 26 yoshli frantsiyalik futbolchini o'z tomoniga og'dirib olishga harakat qiladi.
Transfermarkt portali bahosiga ko'ra, Diabining bozor qiymati 28 million evroni tashkil etadi. Futbolchi Saudiya Arabistoniga 2024 yilning yozida Angliyaning «Aston Villa» klubidan 60 million evro evaziga ko'chib o'tgan edi.
