«Xotinim «Inter»ga, o'g'lim esa «Yuventus»ga muxlis» — Ambrozini oilasidagi qiziq holat haqida gapirdi
29 MART, 2026, 13:24
«Milan» va Italiya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Massimo Ambrozini UEFA Chempionlar Ligasining so'nggi finali vaqtida kimga xayrixoh bo'lgani haqida so'zlab berdi. Hal qiluvchi bahsda Frantsiyaning «PSJ» va Italiyaning «Inter» jamoalari to'qnash kelishgan edi (5:0).
«Rostini aytaman — «Milan» o'yinchisi bo'lgan vaqtimda «Inter»ga nisbatan o'zgacha tuyg'ularim bor edi. Ammo faoliyatimni yakunlab, sharhlovchi sifatida DAZN va Primeda ishlay boshlaganimdan so'ng fikrimni o'zgartirdim. Menda Italiya klublari haqida hech qanday yomon fikr yo'q. Turmush o'rtog'im «Inter»ga muxlislik qiladi, 16 yoshli o'g'lim esa «Yuventus» ishqibozi. Shunday qilib, bizda barcha katta jamoalar qamrab olingan!» — dedi Ambrozini GFFN nashriga bergan intervyusida.
Chempionlar Ligasining joriy mavsumida faqatgina bitta klub 1/8 final bosqichigacha etib bordi. Bu «Atalanta» bo'lib, u yakunda «Bavariya»ga imkoniyatni boy berdi — 1:6, 1:4.
