Entso Fernandesning sevgilisi uning "Chelsi"dan ketishi mumkinligiga sha'ma qildi
28 MART, 2026, 19:06
«Chelsi» yarim himoyachisi Entso Fernandesning kelajagi uning sevgilisi Valentina Servantesning so'zlaridan so'ng yana diqqat markaziga tushdi, deb xabar bermoqda TopSkills.
Jurnalistlar bilan suhbat chog'ida Servantes bir nechta ochiq javoblar berdi va bu argentinalik futbolchining London klubini tark etishi mumkinligi haqidagi muhokamalarga sabab bo'ldi.
Fernandesning «Chelsi»da qolish-qolmasligi haqidagi savolga u shunday javob berdi: — «Bilmadim, umid qilamanki, yo'q. Menga u er yoqmaydi».
Shuningdek, Valentina yarim himoyachining qachondir Argentinaning «River Pleyt» klubiga qaytish istagi borligini tasdiqladi. — «Ha, Entso buni xohlaydi. Qaysidir paytda biz albatta qaytamiz», — dedi u.
Bundan tashqari, undan Madridga ko'chib o'tish ehtimoli haqida ham so'rashdi: — «Bilmadim... Qaerga aytishsa, o'sha erga bolalar bilan birga boraman», — deb ta'kidladi Servantes.
Ushbu so'zlar fonida Ispaniya va Angliya OAVlarida Fernandesning transferi borasidagi gap-so'zlar yana avj oldi. Avvalroq 25 yoshli argentinalikka bir nechta top-klublar qiziqish bildirayotgani, Madridning «Real» klubi esa uni markaziy chiziqni kuchaytirish uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida ko'rayotgani xabar qilingan edi.
Manbalarga ko'ra, «qaymoqranglilar» turli xil kelishuv variantlarini, jumladan, futbolchi almashtirish va qo'shimcha haq to'lash sxemasini o'rganmoqdalar. «Chelsi»ning beqaror natijalari va evrokuboklardagi ishtiroki bunday mish-mishlarning ko'payishiga qo'shimcha omil bo'lmoqda.
Entso Fernandes 2023 yilning yanvaridan beri London klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. Shu vaqt ichida u barcha turnirlarda 160 ta o'yinda maydonga tushib, 28 ta gol va 29 ta golli uzatmani amalga oshirgan. APLning joriy mavsumida esa uning hisobida 8 ta gol va 3 ta assist bor.
