“U darvozabonlar olamidagi Messi va Ronaldu” — “Bavariya” sobiq ustozi 40 yoshga to'lgan Manuel Noyer haqida gapirdi
28 MART, 2026, 08:36
Kecha, 27 mart kuni “Bavariya” va Germaniya terma jamoasi afsonasi Manuel Noyer 40 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan Myunxen klubining sobiq ustozi Feliks Magat darvozabonning jahon futbolidagi o'rni haqida to'xtalib o'tdi. Bu haqda Goal nashri xabar bermoqda.
Magatning fikricha, Noyer o'z pozitsiyasida futbol tarixidagi eng buyuk shaxslardan biri hisoblanadi:
“Uning erishgan yutuqlari va jamoa uchun ahamiyatini hisobga olsak, Manuelni o'z pozitsiyasida Messi va Krishtianu Ronaldu bilan bir qatorga qo'ygan bo'lardim. O'z vaqtida "Bavariya" u uchun to'lagan mablag' shunchaki foydali kelishuv emas, balki haqiqiy sovg'a edi!”
Murabbiyning ta'kidlashicha, agar Noyer bugungi transfer bozorida o'zining “pik” formasida bo'lganida, uning narxi 150 million evrodan kam bo'lmas edi. Shuningdek, Magat 40 yoshli darvozabonga faoliyatini yakunlashga shoshilmaslikni maslahat berdi:
“Unga maslahatim: kuch-quvvati bor ekan, butsasini mixga ilishga shoshilmasin va imkon qadar uzoq vaqt davomida o'ynasin”.
Ma'lumot uchun, joriy mavsum Manuel Noyer “Bavariya” tarkibida 29 ta uchrashuvda maydonga tushib, o'z darvozasidan 27 ta gol o'tkazib yuborgan. Yana 10 ta bahsda esa darvozasi dahlsizligini saqlab qolgan.
