Kvaratsxeliya Gruziya terma jamoasida yangi maqomga ega bo'ldi
25 MART, 2026, 09:00
Hujumkor yarim himoyachi Xvicha Kvaratsxeliya Gruziya terma jamoasi sardori bo'ladi. Bu haqda jamoa qarorgohidan xabar berildi.
So'nggi yillarda gruziyaliklar terma jamoasida tajribali Guram Kashiya sardorlik qilib kelayotgan edi. Kuni kecha u xalqaro faoliyatini yakunlashini e'lon qildi. Iyun oyida 38 yoshli Kashiya «salibchilar» safida o'zining xayrlashuv uchrashuvini o'tkazadi.
Mart oyida Gruziya terma jamoasi ikkita o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi — raqiblar Isroil va Litva jamoalari bo'ladi.
Klub miqyosida Xvicha Kvaratsxeliya Frantsiyaning «PSJ» jamoasi sharafini himoya qilmoqda. 2025/2026 yilgi mavsumda gruziyalik futbolchi 37 ta o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga 12 ta gol va 7 ta golli uzatmani yozdirib qo'ydi.
