"Manchester Yunayted" Devisning jarohatlariga qaramay uni sotib olmoqchi
23 MART, 2026, 21:48
«Manchester Yunayted» yozgi transfer rejalari ustida ishlamoqda. Jurnalist Kristian Falk o'z saytida «qizil iblislar»ning «Bavariya» chap qanot himoyachisi Alfonso Devisga bo'lgan qiziqishi haqida maqola e'lon qildi.
«Bu haqiqat: «Manchester Yunayted» Devisga qiziqish bildirmoqda. Ular Devisning «Bavariya» bilan yangi shartnoma bo'yicha muzokaralarini diqqat bilan kuzatib borishdi. U shartnomani uzaytirdi, biroq "MYu" hanuz uni kuzatishda davom etmoqda. Agar taklif tushsa, muzokaralar bo'lib o'tardi. Ammo hozircha aniq taklif yo'q», — dedi Falk.
Shu bilan birga, jurnalist «Bavariya» 25 yoshli Devisning tez-tez jarohat olishi sababli uning transferini ko'rib chiqishga tayyorligini ta'kidladi. Kanadalik futbolchi 45 million evroga baholanmoqda.
