Pepi APLga ko'chib o'tadigan bo'ldi
18 MART, 2026, 12:36
Londonning «Fulxem» klubi va Eyndxovenning PSV jamoasi hujumchi Rikardo Pepining yozgi transferi borasida kelishuvga erishishdi. Insayder Fabritsio Romanoning xabar berishicha, klublar o'rtasida futbolchi bo'yicha og'zaki kelishuv mavjud. «Dala hovli egalari» ushbu transfer uchun 36 million evro to'lashadi.
Pepi 23 yoshda. Amerikalik futbolchi bundan uch yil avval «Augsburg»dan o'tganidan so'ng PSV o'yinchisiga aylangan edi. U Texasning «Dallas» klubi akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.
Joriy mavsumda hujumchi PSV safida 27 ta rasmiy o'yinda maydonga tushib, 13 ta gol muallifiga aylandi. Transfermarkt portali Pepini 25 million evroga baholamoqda.
