"Bavariya"ning apellyatsiyasi rad etildi
16 MART, 2026, 22:36
"Bavariya" vingeri Luis Diasning qizil kartochkasi o'z kuchida qoldi.
Kolumbiyalik futbolchi Bundesliganing 26-turidan o'rin olgan "Bayer"ga qarshi bahsda (1:1) o'yinning 84-daqiqasida ikkinchi sariq kartochkasini olib, maydondan chetlatilgan edi. O'sha vaziyatda Dias penalti ishlash maqsadida raqib jarima maydonchasi ichida darvozabon bilan kontaktni bo'rttirib ko'rsatgani uchun simulyatsiyada ayblandi. Dias ilk sariq kartochkasini esa Aleish Garsiyaning boshiga butsasi bilan xavfli tarzda zarba bergani uchun olgandi. Myunxen klubi ushbu chetlatish ustidan shikoyat qilgan edi.
Germaniya futbol ittifoqi (DFB) "Bavariya"ning apellyatsiyasini "asossiz" deb topib, uni rad etdi. Shu tariqa, Luis Dias Bundesliganing 27-turidan o'rin olgan va 21 mart kuni bo'lib o'tadigan "Union"ga qarshi uchrashuvni o'tkazib yuboradi.
