Chempionlar ligasi finaliga chipta qancha turadi? UEFA narxlarni e'lon qildi
16 MART, 2026, 20:36
2025/2026 yilgi mavsumda Chempionlar ligasi finali Vengriyaning Budapesht shahrida bo'lib o'tadi. Finalning har bir ishtirokchisi o'z muxlislari uchun 17 200 tadan chipta oladi. Ushbu chiptalar narxi 70 evro (taxminan 960 000 so'm) etib belgilangan.
Muxlislar kvotasiga kirmaydigan qolgan chiptalar esa ancha qimmatroq bo'ladi. Ular uchun uchta toifadagi narxlar belgilangan: 180 evro (2 470 000 so'm), 650 evro (8 900 000 so'm) va 950 evro (13 000 000 so'm).
Chempionlar ligasining final uchrashuvi 30 may kuni bo'lib o'tadi.
Eslatib o'tamiz, o'tgan mavsumda Chempionlar ligasi finalida "PSJ" jamoasi "Inter"ni 5:0 hisobida mag'lub etgan edi. O'shanda parijliklar o'z tarixida ilk bor Evropa chempionlari kubogini qo'lga kiritgandi.
