Transfermarkt: “Real” tarkibdagi futbolchilar qiymati bo'yicha yakkapeshqadamlikni boy berdi
16 MART, 2026, 20:24
Madridning “Real” klubi futbolchilarining bozor qiymati pasayishi natijasida tarkibning umumiy bahosi bo'yicha mutloq peshqadamlikni boy berdi. So'nggi hisob-kitoblarga ko'ra, Madrid klubi tarkibi 49,5 million evro yo'qotib, 1,31 milliard evroga baholanmoqda. Endilikda “qirollik klubi” ushbu ko'rsatkich bo'yicha Angliyaning “Manchester Siti” jamoasi bilan bir xil pog'onani egallab turibdi.
Qiymati pasaygan 12 nafar futbolchi orasida, ayniqsa, himoyachi va hujumchilarning narxi sezilarli darajada tushgani e'tiborga loyiq. Xususan 18 yoshli iqtidor egasi Franko Mastantuono 5 million evroga arzonlashib, 45 million evroga baholanmoqda. Jarohat tufayli safdan chiqqan Rodrigoning narxi 10 millionga pasayib, 50 million evroni tashkil etmoqda. Shuningdek, markaziy himoyachilar Din Xeysen (65 mln evro) hamda Antonio Ryudiger (9 mln evro) ham mos ravishda 5 million va 3 million evro yo'qotgan. Natijada, klub dunyoning eng qimmat futbolchilariga ega klub nomini yo'qotdi.
Eslatib o'tamiz, La Liganing 28-turidan so'ng “Real Madrid” 66 ochko bilan musobaqa jadvalida ikkinchi o'rinda bormoqda. Jamoa peshqadam “Barselona”dan 4 ochkoga ortda qolmoqda.
