Rahimova dunyoning 69-raketkasiga qarshi uch setlik uchrashuv o'tkazdi
12 MART, 2026, 12:16
AQSHning Ostin shahrida "CHellenjer" turkumiga kiruvchi WTA 125 turnir bo'lib o'tmoqda.Mukofot jamg'armasi 125 000 AQSH dollarini tashkil qiluvchi ushbu musobaqada tennischimiz Kamilla Rahimovaning ham ishtirok etayotgani haqida xabar bergan edik. O'zbekistonning birinchi raketkasi 1/16 finalda niderlandiyalik Lamens Syuzanni 2 soatu 31 daqiqa davom etgan bahsda uch set natijasiga ko'ra mag'lubiyatga uchratgandi - 5/7, 6/1, 6/4.
Afsuski, vakilamiz uch set davom etgan 1/8 final bahsida dunyoning 69-raketkasi, Ostin turnirida 6-raqam ostida tasniflangan avstraliyalik Kimberli Birrellga 2/6, 6/1, 2/6 hisobida imkoniyatni boy berib qo'ydi. Bir soatu 57 daqiqalik uchrashuvda Rahimova 3, Birell 2 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Qo'shxatolar Kamillada ikki barobar ko'proq bo'ldi - 9 ga 4.
Malumot uchun, bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan to'rtinchi uchrashuvi bo'ldi. Bugungi g'alabasi evaziga Kimberli muvozanatni tiklab qo'ydi - 2:2. 24 yoshli Kamilla Rahimova hozirda dunyo reytingida 88-o'rinni egallab turibdi.

Manba: olamsport.com
