Madridda «Benfika» muxlislari va politsiya o'rtasida to'qnashuv sodir bo'ldi
26 FEVRAL, 2026, 00:54
Chempionlar ligasi o'tish bosqichi doirasidagi «Real»ga qarshi javob uchrashuvi oldidan «Benfika» muxlislari Madridda politsiya bilan to'qnashuvga kirishdi.
«Record» nashrining «CMTV» telekanaliga tayanib xabar berishicha, voqea «Santyago Bernabeu» stadioniga kirish yo'laklarida sodir bo'lgan.
«Burgutlar» muxlislaridan biri politsiya tomonidan o'rnatilgan xavfsizlik kordonidan tashqariga chiqqan, so'ngra yuzini ko'rsatishdan bosh tortgan. Shundan so'ng huquq-tartibot idoralari xodimlari hujumga o'tgan va muxlislar bilan to'qnashuv boshlangan.
Muxlislar va politsiya o'rtasidagi to'qnashuv natijasida «Benfika»ning bir nafar fanati jarohat oldi va unga voqea joyida tibbiy yordam ko'rsatilishiga to'g'ri keldi.
