Mariya Timofeeva Merida WTA 500 turnirida muvaffaqiyatli start oldi
22 FEVRAL, 2026, 10:16
Meksikaning Yukatan shtati Merida shahri tennis bo'yicha WTA 500 toifasiga kiruvchi turnirga mezbonlik qilmoqda.Mamlakatimizning uchinchi raketkasi Mariya Timofeeva musobaqaning saralash bahslarida ishtirok etyapti. U saralashning 1/2 finalida argentinalik Martina Taborda Kapurroga qarshi kortga chiqdi. Ikki soatu olti daqiqa davom etgan uchrashuvda Mariya raqibasini ortiqcha qiyinchiliksiz mag'lubiyatga uchratdi - 6/4, 6/1.
Taqqoslash uchun, Timofeeva WTA reytingida 154, Kapurro 370-o'rinni egallab turibdi. Har ikki tennischi ham bahs davomida bittadan eys zarbasini amalga oshirdi. Bugun saralash turnirida oltinchi raqam ostida tasniflangan Mariya asosiy to'rga yo'llanma beruvchi final bahsida yana bir argentinalik tennischi Mariya Lurdes Karlga qarshi kortga chiqadi. Karl reytingda Timofeevadan bir pog'ona pastda joylashgan. Ushbu uchrashuv bizning vaqt bilan soat 22:00da boshlanadi.

Manba: olamsport.com
