Kudermetova Manila turnirining 1/8 finalida kortga chiqdi
28 YANVAR, 2026, 10:32
Filippin poytaxti Manila shahrida tennis bo'yicha mukofot jamg'armasi 115 000 AQSH dollarini tashkil etuvchi WTA 125 toifasiga kiruvchi turnir bo'lib o'tmoqda.Ushbu turnirda mamlakatimizning uchinchi raketkasi Polina Kudermetova ham ishtirok etdi. Hamyurtimiz ilk davrada saralash bahslari g'olibalaridan biri yaponiyalik Miho Kuramochini 6/3, 7/5 hisobida mag'lub etgandi.
Afsuski, terma jamoamiz azosi 1/8 finalda tailandlik Lanlana Tararudiga ikki setda ham bir xil hisobda imkoniyatni boy berib qo'ydi va musobaqadagi ishtirokini juda erta yakunladi - 4/6, 4/6. To'qson ikki daqiqa davom etgan uchrashuvda Lanlana 10, Polina 5 ta eys zarbasini amalga oshirdi.
Taqqoslash uchun, Lanlana WTA reytingida 131-pog'onani egallab turibdi. Tararudi 1/16 finalda dunyoning 87-raketkasi, turnirda 7-raqam ostida saralangan shveycariyalik Simona Uoltersni 6/2, 3/6, 6/2 hisobida taslim etgandi. Kudermetova WTA reytingida 150-o'rinni band etgan.

Manba: olamsport.com
