«Neftchi» Boyan Tsiger bilan ikki yillik shartnoma imzoladi
29 DEKABR, 2025, 10:42
«Neftchi» safida himoyachi sifatida to'p surib, nafaqat mudofaa, balki hujumlarda ham faol ishtirok etib kelayotgan, o'zining jangovar ruhi va fidoyiligi bilan muxlislar mehrini qozongan serbiyalik tajribali futbolchi Boyan Tsiger faoliyatini «Neftchi» safida davom ettiradi. Klub va futbolchi o'rtasidagi shartnoma yana ikki yilga uzaytirildi.
"Boyan Tsiger o'tgan mavsumda jamoamiz tarkibida 24 ta uchrashuvda maydonga tushib, jami 2195 daqiqa harakat qildi. Himoyachi bo'lishiga qaramay, u ushbu o'yinlarda 3 ta gol muallifiga aylanishga muvaffaq bo'ldi.
Ishonamizki, Boyan yangi mavsumlarda ham o'z mehnati, tajribasi va mahorati bilan jamoamiz oldiga qo'yilgan yuksak maqsadlar — chempionlikni himoya qilish va xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etish yo'lida katta hissa qo'shadi", — deyiladi "Neftchi" klubi tarqatgan xabarda.
