“Uzbekistan Judo Tour” musobaqasining so'nggi bosqichi bo'lib o'tdi
24 DEKABR, 2025, 11:00
Kecha poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da dzyudo bo'yicha “Uzbekistan Judo Tour” musobaqasining joriy yil hisobidan so'nggi bosqich bellashuvlari o'tkazildi.
Iqtidorli yoshlarni selektsiya qilish maqsadida yo'lga qo'yilgan mazkur bosqich bahslarida sportchilar 4 vazn toifasida kurash olib bordilar.
Sovrin jamg'armasi 200 million so'mni tashkil qilgan musobaqaning final bellashuvlarini Sport vazirligi, MOQ, Toshkent shahar hokimligi va mamlakat dzyudo federatsiyasi rahbariyati kuzatib bordi.
Rasmiylar turnir yakunida taqdirlash marosimida ham qatnashib, g'olib va sovrindorlarga kelgusi musobaqalarda ham omad tilashdi.
Shuningdek, tadbir davomida sport sohasi rivojiga qo'shgan hissasi hamda “Prezident Olimpiadasi” musobaqalarini yuqori saviyada o'tkazishda qo'shgan hissasi uchun Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqovga “Jismoniy tarbiya va sport a'lochisi” ko'krak nishoni topshirildi.
