"Inter" 40 mln evrolik futbolchi uchun "Yuventus" va APL klublari bilan raqobatlashadi
13 DEKABR, 2025, 12:42
"Kalyari"ning "Atalanta"dan ijaraga olingan o'ng qanot himoyachisi Marko Palestra A Seriya grandlarini qiziqtirmoqda.
20 yoshli futbolchi Milanning "Inter" klubiga yoqib qoldi, deya xabar bermoqda jurnalist Matteo Bardzagi. Istiqbolli qanot himoyachisi uchun "Yuventus" va nomi oshkor etilmagan Angliya Premer-ligasi vakillari ham kurashadi. Xaridorlar uchun narx muammo bo'lishi mumkin: "Atalanta" italiyalik futbolchini sotishdan kamida 40 mln evro ishlab olmoqchi.
Transfermarkt portali Marko Palestraning narxini 8,5 mln evroga baholamoqda. A Seriyaning joriy mavsumida futbolchi "Kalyari" safida 13 ta o'yinda maydonga tushib, 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
