"PSJ"ning asosiy tarkib futbolchisi Chempionlar Ligasida 3ta o'yinga diskvalifikatsiya qilindi
9 DEKABR, 2025, 17:18
"PSJ" va Frantsiya terma jamoasi himoyachisi Lukas Ernandes Chempionlar Ligasida uchta o'yinga diskvalifikatsiya qilindi.
Bu haqda FootMercato xabar bermoqda.
26 noyabr kuni "PSJ" Chempionlar Ligasi 5-turida "Tottenxem"ni 5:3 hisobida mag'lub etdi. Ikkinchi bo'limga qo'shib berilgan vaqtda Ernandes "Tottenxem" futbolchisi Xavi Simonsning yuziga tirsagi bilan zarba bergani uchun maydondan chetlatildi.
Buning uchun 29 yoshli frantsuz Chempionlar ligasining uchta o'yiniga diskvalifikatsiya qilindi. Demak, himoyachi joriy turnirning guruh bosqichi yakunlanmaguncha "PSJ"ga yordam bermaydi. Ernandes "Atletik" (10 dekabr), "Sporting" (20 yanvar) va "Nyukasl"ga (28 yanvar) qarshi o'ynamaydi.
Joriy mavsumda Lukas "PSJ"ning barcha musobaqalardagi 13 o'yinida maydonga tushib, bitta golli uzatma muallifi bo'ldi.
