"Manchester Siti"ning asosiy muammosi himoyadami? Gvardiola javob berdi
6 DEKABR, 2025, 12:24
"Manchester Siti" so'nggi himoyada ishonchli o'yin ko'rsatmayapti. "Shaharliklar" yaqinda "Fulxem"ga qarshi kechgan uchrashuvda o'z darvozasidan 4 ta to'p o'tkazib yuborganiga qaramay, g'alaba qozonishga muvaffaq bo'ldi (5:4). Avvalroq jamoa "Lids" (3:2), "Bayer" (0:2) va "Nyukasl"dan (1:2) ikkitadan gol o'tkazib yuborgandi.
"Himoyamiz etarlicha yaxshi. Albatta, individual xatolar ham bo'lib turadi, lekin gap faqat bunda emas. Masalan, "Fulxem" bilan o'yinda muammo umuman boshqa edi - maydonning yuqori qismida tajovuzkorlik etishmadi. Biz etarlicha bosim o'tkaza olmadik - shuning uchun shunday bo'ldi. Biz to'p darvozamizdan uzoqda bo'lganida o'zimizni ancha xavfsiz his qilamiz, ammo o'yinchilar butun 95 daqiqa davomida ritmga dosh bera olishmaydi. Buning ustida ishlashimiz kerak," - dedi "Manchester Siti" ustozi Xosep Gvardiola "Sanderlend"ga qarshi shanba kungi o'yin oldidan.
"Shaharliklar"ning "qora mushuklar"ga qarshi jangi Toshkent vaqti bilan 20:00da boshlanadi.
