Flik "Alaves"ning o'yin uslubi haqida fikr bildirdi
28 NOYABR, 2025, 19:24
"Barselona" shanba kuni Ispaniya chempionatida "Alaves"ga qarshi uy uchrashuvini o'tkazadi. Ushbu o'yin haqida kataloniyaliklar bosh murabbiyi Xans-Diter Flik izoh berdi.
"Alaves" - juda yaxshi himoyalanadigan va yaxshi pressing qiladigan jamoa. O'yin oson kechmaydi. Ertaga eng muhimi - uch ochko olish.
"Real"ni quvib o'ta olamizmi? La Liganing har bir o'yini qiyin kechadi. Bizning maqsadimiz uch ochko to'plashdan iborat. Qolgan hamma narsa ikkinchi darajali bo'lib qoladi.
Bugungi mashg'ulotda men yaxshi dinamika va katta shiddatni ko'rdim - "Chelsi"ga qarshi o'yinda bizga aynan shu narsa etishmadi," - dedi Flik matbuot anjumanida.
"Barselona" La Liga peshqadami "Real"dan 1 ochko ortda qolmoqda.
