Rodrigo uchun 85 mln evro taklif qilishdi
21 NOYABR, 2025, 21:18
Madridning “Real” klubi futbolchisi Rodrigo Goes faoliyatini Angliya Premer Ligasida davom ettirishi mumkin. Fichajes nashri xabariga ko'ra, braziliyalik vingerga “Tottenhem” jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Unga ko'ra, londonliklar Rodrigoni qishki transfer oynasi vaqtida jamoaga olib kelishni istamoqda. Buning uchun ingliz klubi “Real”ga 85 million evro to'lashga tayyor ekanligini bildirgan. Futbolchining o'zi ham etarli o'yin amaliyoti yo'qligidan hamda 2026-yilgi Jahon chempionatiga yuqori sport formasida borish uchun boshqa jamoaga o'tishga tayyor.
Hozircha “Real” rahbariyati Rodrigo bo'yicha bir qarorga kelmagan. Ammo yaxshi taklif tushsa, muzokara boshlashi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, Arda Gyuler hamda Franko Mastantuononing yaxshi o'yin ko'rsatayotgani fonida braziliyalik vingerga chiqish eshiklari ko'rsatilishi mumkin.
Rodrigoga nafaqat “Tottenhem”, balki “Manchester Siti” va “Liverpul” ham qiziqish bildirmoqda. Agar muzokaralar muvaffaqiyatli o'tsa, braziliyalik vinger qishki transfer oynasida APL klublaridan biriga o'tishi taxmin qilinmoqda.
Ma'lumot uchun, Rodrigo joriy mavsum “Real Madrid” safida jami 13 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita golli uzatma muallifiga aylangan. Uning klub bilan shartnomasi 2028-yilning yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali hujumchining qiymatini 80 million evroga baholamoqda.
