Sergey Fomin Bahrayndagi turnirda 1/2 finalga chiqdi
15 NOYABR, 2025, 13:00
Bahrayn poytaxti Manama shahrida tennis bo'yicha M25 toifasiga kiruvchi turnir davom etmoqda.Unda hamyurtimiz Sergey Fomin ham muvaffaqiyatli odimlayapti. Mamlakatimizning ikkinchi raketkasi musobaqaning yarim final ishtirokchisiga aylandi. Turnirda to'rtinchi raqam ostida tasniflangan Fomin 2 soatu 23 daqiqa davom etgan 1/4 finalda germaniyalik Nino Exrenshneyderni qiyinchilik bilan uch set natijasiga ko'ra taslim etdi - 7/6(2), 1/6, 6/0.
Taqqoslash uchun, Fomin ATP reytingida 404, turnirda sakkizinchi raqam ostida harakat qilgan Exrenshneyder 585-pog'onadan joy olgan. Bugun hamyurtimiz final chiptasi uchun yana bir germaniyalik tennischi Maksimilyan Xombergga qarshi kortga chiqadi. Xomberg reytingda 959-pog'onadan joy olgan. Fomin - Xomberg uchrashuvi bizning vaqt bilan soat 16:00da boshlanadi.

Manba: olamsport.com
