19 yoshli iqtidor «Real», «Bavariya» va yana 2 ta klub o'rtasida talash bo'ladi
15 NOYABR, 2025, 12:36
Niderlandiyaning "AZ Alkmaar" klubi xavbeki Kes Smit bir vaqtning o'zida Evropaning bir necha klublari qiziqishlari doirasida bo'lib turibdi. Bu haqda Daily Mail jurnalistlari xabar bermoqda.
Manbaga ma'lum bo'lishicha, 19 yoshli yarim himoyachini "Bavariya", "Borussiya D", "Real" va "Nyukasl" klublari o'z safiga qo'shib olmoqchi.
Niderlandiyaliklar futbolchi uchun taxminan 22 million evro to'lansa, kelasi yili u bilan xayrlashishga tayyor. Smitning shartnomasi 2028 yilning yarmigacha mo'ljallangan.
Joriy mavsumda yarim himoyachi 19 ta o'yinda qatnashib, 2 ta gol va 4 ta golli uzatmani o'z hisobiga yozdirib qo'ydi.
