Shaxmat. Abdusattorov va Vohidov jahon kubogini tark etdi, Sindarov 4-bosqichga chiqdi
9 NOYABR, 2025, 14:36
Hindistonning Goa shahrida bo'lib o'tayotgan shaxmat bo'yicha jahon kubogi musobaqasida 3-bosqichning klassik formatdagi o'yinlari yakunlandi.
Kutilmaganda, O'zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov musobaqani tark etdi. U meksikalik Xose Martinesga qarshi har ikki partiyada mag'lub bo'ldi.
Hamyurtimiz birinchi o'yinda g'alabaga yaqin edi. U raqib Shohi tomon bosim uyushtirdi. Ammo muhim pallada G6 yurishini topa olmadi. Shundan keyin yo'l qo'yilgan 2-3 xato tufayli mag'lubiyatga uchradi.
Nodirbek javob o'yini g'alaba uchun harakat qildi, ba'zi paytlarda tavakkalga qo'l urdi. Ammo meksikalik shaxmatchi ishonchli o'yin ko'rsatib, ikkinchi bahsda ham g'alabani qo'lga kiritdi.
Abdusattorov 2023 yilda Boku o'tkazilgan jahon kubogini 2-bosqichdan tark etgandi. Bu safar u uchinchi bosqichdan o'ta olmadi.
Shamsiddin Vohidov esa hindistonlik kuchli grosmeyster Arjun Erigaisiga qarshi o'yinlarda bir mag'lubiyat va bir durang qayd etib, turnir bilan xayrlashdi.
Javohir Sindarov gretsiyalik Nikolas Teodoroga qarshi o'yinlarda bir durang va bir g'alabaga erishdi hamda to'rtinchi bosqichiga yo'l oldi.
Nodirdek Yoqubboev esa chexiyalik Van Nguenga qarshi har ikki partiyada durang qayd etdi. Shaxmatchilar bugun rapid formatidagi tay-brek bahslarida g'olib nomiga aniqlik kiritishadi.
