Marko Stanoevich: «Albatta, oxirigacha kurashamiz»
9 NOYABR, 2025, 13:12
«Bunyodkor» - «Dinamo» (1:3) uchrashuvida jamoaning asosiy ikki markaziy himoyachisi Oleksandr Kucherenko jarohat, Jahongir O'rozov esa diskvalifikatsiya sabab maydonga tusha olmagach, bosh murabbiy Vadim Abramov Marko Stanoevichni himoyada o'ynatishga majbur bo'ldi va serbiyalik tajribali legioner ishonchni oqladi.
O'yindan keyin Marko klub matbuot xizmatiga o'yin borasidagi fikrlarini bildirdi.
«Bu o'yin 2-davrada asosiy tarkibda boshlagan birinchi o'yinim bo'ldi. Bugun markaziy himoyada o'ynashimga to'g'ri keldi. Bu yoshda istalgan pozitsiyada o'ynashim mumkin, kamroq xato qilib, ko'proq o'zimdan yoshi kichiklarga yordam berishga intildim. G'alaba qozondik, demak hammasi yaxshi chiqdi.
Kucherenko va O'rozov nuqtasidagi o'yin? Ularning o'rnini to'ldirish qiyin. Butun mavsum davomida ular ko'p ter to'kishdi, yaxshi harakat qilishmoqda. Afsuski, bugungi o'yinda maydonga tusha olishmadi. Hozir qaysi chiziqda o'ynashim muhim emas, jamoaning g'alaba qozonib, olg'a yurishda davom etishi muhimroq.
Imkoniyat? Albatta, bor. Muvaffaqiyatga erishish uchun oxirigacha kurashamiz. «Bunyodkor» oson raqib emas, birinchi davradagi o'yinda bizda hech narsa chiqmagandi, bugun esa yuta oldik. Shukrki, muhim bahsda g'alaba qozondik», - deydi Marko Stanoevich o'yindan keyin.
