Sergey Fomin juftlik turnirida finalga chiqdi
8 NOYABR, 2025, 09:32
Bahrayn poytaxti Manama shahrida tennis bo'yicha ITF M15 toifasiga kiruvchi turnir bo'lib o'tmoqda.Musobaqaning yakkalik bahslarida ikkinchi raqam ostidan tasniflangan hamyurtimiz Sergey Fomin kucha 1/4 finalda ispaniyalik Ivan Marrero Kurbeloga 2/6, 2/6 hisobida imkoniyatni boy berib qo'ygandi.
Mamlakatimizning ikkinchi raketkasi ushbu turnirning juftlik bahslarida finalga chiqdi. Fomin rossiyalik Danil Golubev bilan birgalikda ajoyib kambek amalga oshirdi. Ular 1/2 finalda rossiyalik Timofey Derepasko hamda italiyalik Lorenco Lorusso tandemi ustidan irodali g'alabaga erishishdi.
Birinchi setni 1/6 hisobida boy bergan Fomin/Golubev juftligi ikkinchi setda zafar quchishdi - 6/4. Hal qiluvchi katta tay-brekda esa turnirning birinchi raqamli juftligini tashkil qilgan Sergey va Danil 10:5 hisobida qozonishdi. Bugun ular musobaqa bosh sovrini uchun Ivan Marrero hamda latviyalik Karlis Ozolins hamkorligiga qarshi kortga chiqishadi.

Manba: olamsport.com
