logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 13:47
KirishA'zo bo'lish
TAVSIYA QILAMIZ
Yangiliklar tasmasi

Ibrohim Yo'ldoshev: “Shunday obro'li jamoa sharafini himoya qilish men uchun faxr”

 27 DEKABR, 2023, 12:36

Xabaringiz bor, ayni paytda milliy chempionatimizda mavsumlar oralig'idagi tanaffus payti. Boshqa jamoalar qatori “Navbahor” futbolchilari ham hordiq chiqarishmoqda.

Fursatdan foydalanib, “lochinlar”ning 24 yoshli mahoratli himoyachisi Ibrohim Yo'ldoshev bilan klub matbuot xizmati suhbat uyushtirdi.

Mahoratli futbolchi yakunlangan mavsumda jamoa tarkibida barcha musobaqalarda 34 ta o'yinda maydonga tushib, 2 ta gol urib, 3 ta golga  assistentlik qildi.

- Mavsumlar orasidagi ta'tilni qanday o'tkazyapsiz, ayni paytda nimalar bilan bandsiz?

- O'zingizga ma'lum, mashg'ulotlar, o'yinlar, safarlar tufayli futbolchining bo'sh vaqti kam bo'ladi. Shu bois, ta'til davomida fursatdan foydalangan holda, oila a'zolariga ko'proq vaqt ajratyapman.

Shuningdek, mavsum davomida orttirilgan jarohatlarni davolash bilan mashg'ulman.  

- O'tgan yilgi mavsum yakuniga ko'ra, Superligadan tushib ketgan jamoa tarkibidan OChLda o'ynaydigan va o'z oldiga ulkan maqsadlarni qo'ygan klub safiga kelib qo'shildingiz. Aytingchi, qisqa vaqtda ikki xil darajadagi jamoada o'ynash,“Navbahor”ga moslashish sizga qiyinchiliklar tug'dirmadimi?

- Yashirmayman, boshida ancha qiyinchiliklarga duch keldim. Ammo klub rahbariyati, shu jumladan, “Navbahor” PFK vitse-prezidenti Otabek aka Samatov, jamoamiz  bosh murabbiyi Samvel Vyacheslavovich Babayan hamda jamoadoshlarimning ishonchlari, qo'llab-quvvatlashlari bois, ushbu qiyinchiliklarni engishga muvaffaq bo'ldim va Xudoga shukr, jamoaning o'yiniga tezda moslashib ketdim.

- Sizningcha, “Navbahor” yakunlangan mavsumda Superliga chempionligi yoki O'zbekiston kubogini qo'lga kirita olmaganining sababi nimada?

- Avvalo hammasi Allohdan. Menimcha, bunga tig'iz taqvim hamda jarohatlarning ko'pligi ham sabab bo'ldi.  

- “Navbahor”dagi ichki muhit borasida ham to'xtalib o'tsangiz...

- O'zimni jamoada baxtli his qilardim. Demak, bundan kelib chiqadiki, barchasi a'lo darajada.  

- Yakunlangan mavsumda siz uchun “Navbahor”ning o'zi ishtirok etgan barcha musobaqalardagi eng yorqin va eng alamli o'yinlari qaysi bahslar bo'ldi?

- “Navbahor” libosini kiygan holda, maydonga tushgan har bir o'yinim eng yorqinlari  bo'ldi. Chunki shunday obro'li jamoa sharafini himoya qilish men uchun faxr.

Biroq, afsuski, har bir yo'qotilgan ochko bizni maqsadlarimizdan uzoqlashtirdi. Shu bois, ochko yo'qotgan bellashuvlarimiz eng alamlisi bo'ldi.

- Tan olish kerak, “Navbahor” Superliga uchrashuvlaridan ko'ra, Osiyo Chempionlar ligasi (OChL)da yaxshiroq, yorqinroq o'yin namoyish etdi. Vaholanki, OChL qit'amizning nufuzli musobaqasi hisoblanadi. Buni nima bilan izohlaysiz?

- Albatta, Superliga hamda OChLning darajasida katta farq bor. Shu bois, ushbu darajaga mos harakat qilish bu professionallik hisoblanadi. “Navbahor”da biz – futbolchilar o'z ishimizni professional darajada bajarishga harakat qilgan holda, OChL bahslarida ham munosib o'ynashga intildik.

- “Navbahor” muxlislari juda talabchan bo'lishlariga qaramay, bir yil ichidayoq ularning yoqimtoyiga aylandingiz. Bu boradagi taassurotlar qanday?

- Albatta, taassurotlar judayam yoqimli. Ishqibozlarning ishonchlarini oqlash uchun yangi mavsumda ham qo'ldan kelganicha harakat qilaman, inshoolloh.

- Demak, yangi mavsumni ham “Navbahor” tarkibida o'tkazasiz, shundaymi?

- Xudo xohlasa, shunday. Klub bilan yana bir yillik  shartnomam bor. 

- Siz bilan yangi yil – 2024 yil arafasida suhbatlashyapmiz. Shu bois, muxlislarga yangi yil tilaklarini bildirsangiz...

- Yangi yil barchamizga omadli va quvonchli kelsin. Baxtimizga ishqibozlar ham sog' bo'lishsin hamda jamoamizni yangi mavsumda ham qo'llab-quvvatlashdan charchashmasin.

Manba: stadion.uz

butsanet

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR