Fabregas "Komo" bosh murabbiyligidan ketadi
22 DEKABR, 2023, 09:42
"Komo" klubi bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Sesk Fabregas "Palermo" bilan 23 dekabr kuni bo'lib o'tadigan B Seriyaning 18-tur uchrashuvidan so'ng o'z lavozimini tark etadi, deya xabar bermoqda ESPN nashri.
36 yoshli ispaniyalik mutaxassisda faoliyatini davom ettirish uchun kerakli murabbiylik malakasi yo'q. U avvalroq Italiya futbol federatsiyasidan (FIGC) vaqtinchalik ruxsatnoma olgandi, uning muddati 24 dekabr, yakshanba kuni tugaydi.
Yanvar oyida uelslik Osian Roberts "Komo" bosh murabbiyiga aylanadi. U bu lavozimda mavsum oxirigacha ishlaydi va uni klublarni rivojlantirish bo'limi boshlig'i lavozimi bilan birlashtiradi.
Fabregas "Komo" murabbiylar shtabida qoladi va yaqin oylarda ishlash uchun kerakli litsenziyani olishi kerak.
Ispaniyalik murabbiy 13 noyabrdan beri "Komo"ni boshqarib kelmoqda. Fabregas qo'l ostida klub to'rt marta g'alaba qozongan, beshta o'yindan bittasida mag'lub bo'lgan va 17 uchrashuvdan so'ng B Seriyada uchinchi o'rinni egallab turibdi.