logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 12:22
KirishA'zo bo'lish
TAVSIYA QILAMIZ
Yangiliklar tasmasi

Eldor Shomurodov: «Hech qanday laqabim yo'q - oddiy Eldorman!»

 10 AVGUST, 2023, 23:55

Yangi mavsumni «Kalyari»da boshlaydigan Eldor Shomurodov muxlisu mutaxassislar diqqat markazida turibdi.

 O'zbek legionerining «A» seriyadagi debyuti yorqin chiqqan edi. «Jenoa»da to'purarlik mahoratini namoyish qilib, katta klublar e'tiboriga tushgan Eldor Shomurodovning keyingi faoliyatida pasayish kuzatildi. «Roma» va «Spetsiya»dagi davr o'zbek hujumchisiga kutilgan muvaffaqiyatni keltirmadi. Endi «Kalyari»da, mashhur murabbiy Klaudio Raneri qo'l ostida Eldorning faoliyatida keskin burilish bo'lishi kutilmoqda. Shomurodov Tuttosport nashriga bergan intervyusida hozirgi holati va kelajakdagi rejalari haqida to'xtalib o'tdi.

- Eldor, «Roma» bilan xayrlashib, «Kalyari»dagi yangi sarguzasht sari qadam bosdingiz. Bu chekinish qanday boshlandi?

- Men bu jamoada, bu erdagi yigitlar va murabbiy bilan o'zimni juda yaxshi his qilyapman. Ta'til uzoq bo'ldi, bir oyga yaqin hordiq chiqardik. Kelganimdan keyin dastlabki kunlar qiyin o'tdi, lekin hozir hammasi ancha yaxshi va o'zimni tetik his qilyapman. Chempionat boshlanishini intizorlik bilan kutyapman.

- Klaudio Raneri bilan terma jamoangizdan tanishsizlar. Nima deb o'ylaysiz, u o'zgarganmi?

- Bosh murabbiy Klaudio Ranerining ta'siri juda yaxshi sezilyapti. Mavsum endi boshlanyapti. U mendan jismoniy holatim haqida so'ragan edi. O'zimni har taraflama yaxshi tomonga o'zgartirishga harakat qilyapman.

- «A» seriyadagi debyut mavsumingiz ajoyib o'tgandi. Hozir barcha sizning o'sha paytdagi formangizga qaytish va hatto undanda yaxshiroq bo'lishingizni kutishmoqda...

- Albatta, buni yaxshi tushunib turibman va birinchi navbatda «Jenoa»da o'ynagan darajamga chiqib olishim kerak. Bu ruhiy tomondan muhim ahamiyat kasb etadi. O'sha paytlari o'zimni kuchli his qilardim, aniq maqsadlarim bor edi, o'zimga ishonch kuchli edi. «Kalyari»da yana o'sha holatga qaytishim uchun hamma narsa etarli. Birinchi navbatda, tajribali va yaxshi tayyorgarlikka ega murabbiy bor. Asosiysi, klubda menga ishonishmoqda, yaxshi guruh to'plangan, ularning ishtiyoqi baland. Ko'p muxlislar yig'in vaqtida ham bizlarni qo'llab-quvvatlash uchun mashg'ulotlarga kelishdi. Ular maydonda ham, mehmonxonada ham yonimizda. O'tgan mavsumda jamoaning yuqori divizionga qaytishida muxlislarning muhim rol o'ynaganini his qildim. Jamoada o'zaro tushunish va bir biriga ishonch bor.

- Jamoaga moslashuv jarayonida murabbiydan tashqariya na kim ko'proq yordam beryapti?

- Bu savolga Edoardo Goldaniga, deb javob beraman. Chunki uni «Jenoa»da o'ynagan davrimdan yaxshi bilaman. Keyin jamoadagi katta o'yinchilar ham ko'maklashmoqda. Masalan, Pavoletti.

- Jamoadagi vazifangiz qanday bo'ladi?

- Jamoa ikkita hujumchisi bilan o'ynasa, menga ancha engil bo'ladi. Men har doim shu sxemada va darvozaga yaqin o'ynaganman. Agar uch nafar hujumkor futbolchi bilan o'ynasak, men chap qanotda qolishim kerak. To'pni olib yurish va keng maydon bo'ylab hujum uyushtirish uchun menga biroz vaqt kerak bo'ladi. Bu endi boshqa masala.

- Bu yil qancha gol urmoqchisiz? O'z oldingizga aniq marra qo'yib oldingizmi?

- Asosiy maqsadim - «Kalyari»ga yordam berishdir. Har holda ular meni o'z safiga qo'shib oldi, demak, ishonch katta. Bunga javoban men ham jamoa muvaffaqiyatiga o'z hissamni qo'shmoqchiman. Gollar soniga kelsak, o'zimning mo'ljalim bor, lekin uni sizlarga aytmayman.

- «Roma»da Mourinoning talablari qanday edi?

- Joze Mourino bilan avvallari mening salohiyatim haqida gaplashganmiz. «Spetsiya»ga ketishimdan oldin u menga ko'p gol urishim kerakligi va jamoaga yordam berish uchun yanada kuchli bo'lib qaytishim lozimligini aytdi. Bu yoz Mourinodan hech qanday sado chiqmadi. Lekin u menga faqat g'alabaga e'tibor qaratishni, doim g'alaba haqida o'ylashni, har qanday holatni g'oliblik nuqtai nazaridan tahlil qilishni o'rgatganini hech qachon unutmayman.

- «O'zbek Messisi» laqabi qaerdan kelgan?

- Italiyalik jurnalistlar meni shunday atay boshlashgan. Lekin Lionel Messiga mening hech qanday aloqam yo'q. Tana tuzilishim bo'yicha ham, maydondagi o'yin uslubim jihatidan ham o'xshash joyimiz yo'q. Messi bu Messi. Hozir mening hech qanday laqabim yo'q - oddiy Eldorman.

- Unda kumiringiz kim?

- Bolaligimda Dide Drogba va Fernando Torres kumirim bo'lishgan. Aynan ulardan nimalarnidir o'rganganman va hujumchi sifatida harakatlarini tushunishga urinardim. Hozir esa, murabbiylar tomonidan taqdim etilayotgan harakatlar yo'nalishlari qanday bo'lishi kerakligi va o'yin sxemalarini o'zlashtirishga e'tibor qaratyapman. Ayniqsa, Klaudio Raneridan ko'p narsa o'rganaman.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: stadion.uz

butsanet

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR