logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 14:02
KirishA'zo bo'lish
TAVSIYA QILAMIZ
Yangiliklar tasmasi

Arda Gyuler: «Real» tarixiga o'z izimni bossam, bas»

 26 IYUL, 2023, 22:44

«Barselona» klubi «Fenerbaxche»da porlagan 18 yoshli vunderkind Arda Gyuler transferini hal etishga yaqin turgandi.

Biroq salohiyatli yarim himoyachi eng so'nggi pallada Kataloniya jamoasi ashaddiy raqibi «Real» safiga qo'shilishni ma'qul topdi. Kelishuv bo'yicha madridliklar iste'dodli turk uchun «Fenerbaxche»ga 20 million evro to'lashadi. Gyulerning keyin transfer summasidan 20 foizi ham Turkiya jamoasiga o'tishi belgilangan. Ma'lumot uchun, «Genchlarbirligi» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Arda 2019 yildan buyon «Fener» ixtiyorida edi. Uning asosiy jamoaning 51ta o'yinida 9ta gol va 12ta assist qayd etgani iqtidoridan dalolat. Xo'sh, Gyuler «Madrid» vakili sifatida tanishtirilganidan keyin nimalar haqida gapirdi?

- Arda, Madridga xush kelibsan. Avvalo, nega aynan «Real»ni tanlaganing haqida gapirsang...

- «Real» - dunyo miqyosida eng global klub, bu erda bo'lib turganimdan faxrlanaman. Ha, ko'plab jamoalardan takliflar oldim, tanlovimda esa «Real»ning jahon futbolida tutgan o'rni katta rol o'ynadi. Qisqasi, bor iste'dodimni «Madrid»da ishga solishni xohladim.

- Mohiyatan qaysi pozitsiyada o'ynashni xush ko'rasan?

- Maydon markazida ko'proq qulaylik his qilaman. Aynan markaziy zonada o'z o'rnimni topishdan umidvorman. Chunki hujumkorlikka va gol olib keladigan vaziyatlar yaratishga moyilman. To'g'ri, bu shunchaki, shaxsiy xohishim, qaerda va qanday o'ynashimni esa murabbiy belgilaydi. Umuman, markazdan tashqari, o'ng qanotda ham faol harakatlanishim mumkin.

- Lekin «Real»ning markaziy pozitsiyasida raqobat o'ta baland...

- Ha, tarkibda markazning eng kuchli ijrochilari yig'ilishgan. O'z o'rnimni topish uchun ular bilan raqobatlashishga tayyorman. «Real»da qolishni xohlayman, agar imkon berilsa, undan maksimal darajada foydalanaman. Boshqacha aytganda, ijara safariga chiqishni o'ylamayapman, qolaversa, murabbiylar shtabi menga o'yin vaqti berilishini aytdi. 

- «Real»ning qaysi mashhur futbolchilariga havas bilan boqqansan?

- Krishtianu Ronaldu, O'zil, Zidan, Guti - bular «Real» afsonalari. Endi men ham klub tarixida o'z izimni qoldirmoqchiman.

- Karlo Anchelotti bilan gaplashdingmi?

- Transfer bo'yicha xabarlar chiqqach, u bir necha marta qo'ng'iroq qildi va meni o'z jamoasida qanday holatda ko'rayotganini bayon etdi. Albatta, don Karloga chuqur hurmat bilan qarayman.

- Oldin ham «Real» o'yinlarini kuzatganmisan?

- Ha, deylik, ChL finallarini yaxshi eslayman, barchasini do'stlarim davrasida miriqib tomosha qilganman.

- Hozirgi tarkibdan qaysi futbolchini alohida e'tirof etasan?

- Noqulay savol... Barcha futbolchilar muhim, jumladan, Luka Modrichni dunyodagi eng yaxshi yarim himoyachi sifatida bilaman. Undan ko'p jihatlarni o'rganishim mumkin va bu imkoniyatdan foydalanaman, albatta. 

- Aytishlaricha, «Real»ni tanlashingda Mesut O'zil bevosita ta'sir ko'rsatibdi...

- Mesut shunchaki, «Real» dunyodagi eng buyuk klub ekanligini aytdi. Umuman, biz o'zaro ancha yaqinmiz, u hamisha klub haqida to'lqinlanib gapiradi, yaxshi maslahatlar beradi.

- Boshqa klublar qiziqishi ham jiddiy edi.

- Ha, ba'zilari bilan muzokara ham olib bordik, ammo «Real» aloqaga chiqqanidan keyin barcha takliflar o'z qiymatini yo'qotdi. «Madrid» - dunyoning eng yaxshi klubi. Demak, meni ishontirishning hojati yo'q edi.

- «Fenerbaxche» vakillari yakuniy qaroringdan ranjishgani rostmi?

- Bu - hissiyot nuqtai nazaridan qiyin tanlov. Lekin tushuning, sizni jahonning eng kuchli klubi chaqirganida, rad etolmaysiz. «Fenerbaxche»da hammani yaxshi ko'raman va mendan xafa bo'lishlarini xohlamayman. O'ylaymanki, ular qarorimni tushunishadi, chunki muvaffaqiyat qozonishimga tarafdorlar, albatta. Qolaversa, tanlovim ortidan klubga moliyaviy foyda ham tegdi.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: stadion.uz

butsanet

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR