logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 09:26
KirishA'zo bo'lish
Futbol va shaxmat rishtasi

21 DEKABR, 06:55 221

.

Ko‘hna shatranj bilan birinchi raqamli sport o‘rtasidagi uzviylik biz o‘ylaganimizdan ko‘ra ancha kengroq. «Barselona»ni tark etgan Xosep Gvardiola bir yilni Nyu-Yorkda o‘tkazgan va bu davr ichida bir necha marta Garri Kasparov bilan sport, iqtisodiyot va texnologiyalar xususida qizg‘in muloqotlar qilgandi. Shaxmat olamining sobiq tojdori va taniqli futbol murabbiyi uchrashuvini tasavvur qilish qiyin emas. Lekin bu ikki sport vakillari o‘rtasidagi g‘ayritabiiy hamkorliklar yanada ko‘proq.

Oktyabrning dastlabki kunlarida 20 yoshli Trent Aleksander-Arnold oxirgi jahon chempioni Magnus Karlsenga qarshi dona surib, atigi 17 yurishga yaradi. Norvegiyalik tojdor «Liverpul» himoyachisining shaxmatdagi uquviga yuksak baho berdi. Trent esa tengdoshlari orasida aql gimnastikasi shaydolarining yo‘qligidan nolidi. Yosh himoyachining yashil maydondagi mahoratiga (u Karlsenning «APL fentezi» jamoasidan muqim joy olgan) shubha yo‘q. Lekin agarda Trent Feliks Magat bilan uchrashib qolganida, ancha jiddiy sinovlardan o‘tishiga to‘g‘ri kelardi. «Temir Feliks» og‘ir atletika va triatlon ishqibozi sifatida tanilgan bo‘lsada, qariyb 40 yildan beri shaxmatni ham ardoqlab kelmoqda. Hammasi 1978 yilda boshlandi. Gepatitga chalingan Magat davolanish davrining bo‘sh paytlarini Anatoliy Karpov hamda Viktor Korchnoy o‘rtasidagi jahon chempioni unvoni uchun kechgan bahs tahliliga bag‘ishlagandi. Keyinchalik murabbiy Garri Kasparovning shaxmat ishqibozlariga bergan seans uchrashuvida ishtirok etdi va sehrli o‘yinning ko‘p fazilatlaridan futbolda foydalanishini tan olgandi. Masalan, faylasuflarga xos donishmandlikni: «Har bir yurish puxta o‘ylangan bo‘lishi va raqibga noqulaylik tug‘dirishi shart!»

Sport nashrlarida Magatning nomi ko‘rinmay qolgan hozirgi davr-da shaxmat bilan futbol o‘rtasidagi uyg‘unlikni La Liganing ijodkor mutaxassislaridan biri bo‘lgan Kike Setyen ko‘proq zikr etib turadi. Ispaniyaliklar uchun u - o‘zining «Betis»i bilan to‘pga egalik qilish bobida Gvardiola rekordini yangilagan va keyinchalik «Las-Palmas»-ni saviyali jamoalar qatoriga olib chiqqan murabbiy. Xorijlik muxlislar esa Setyenni so‘nggi 10 yil ichida «Real» va «Barselona»ni safarda tiz cho‘ktira olgan ilk murabbiy sifatida biladilar. Biroq bu - faqat futbolga tegishli ma’lumotlar. Kike uchun buning o‘zi kamlik qiladi. Shaxmat figuralari va asosiy qoidalar bilan Setyen otasi orqali tanishgan, ashaddiy muxlis bo‘lishiga esa Boris Spasskiy va Bobbi Fisher o‘rtasida jahon shaxmat toji uchun kechgan bahs sabab bo‘lgandi. 1972 yilda bo‘lib o‘tgan «Asr jangi» maqomidagi qarama-qarshilikning ahamiyati haqida Setyen bir necha yildan keyin El Mundo gazetasida «Reykyavikdan keyin ularga nima bo‘lgandi?» nomli maqolasini chop ettirdi. Ha, qaysi figuraning qanday harakatlanishi haqidagi tushunchalar endi Kike uchun kamlik qilib qolgandi. O‘sha mashhur bellashuvdan keyin u va unga o‘xshagan millionlab bolakaylar o‘zlarini shaxmat nazariyasiga oid kitoblarga urishdi, Alyoxin, Botvinnik va Kapablankaning hayoti va faoliyatiga bog‘liq qiziqarli faktlar bilan tanishishdi. Ayrimlar debyutlar tahliliga zo‘r berishdi. Setyen esa tabiiyki, Bobbi Fisherning noyob iste’dodi ta’siridan forig‘ bo‘la olmagan, shaxmat olamini barvaqt (1972 yil finalidan keyin amerikalik shaxmatchi birorta rasmiy musobaqada ishtirok etmadi) tark etganiga ko‘nika olmadi. «U buyuk va betakror zakovat sohibi edi. Afsuski, bizga noyob iqtidoridan ko‘proq bahramand bo‘lish imkoniyatini bermadi. Fisherning bu qilig‘i menga Maradonani eslatadi - futbol qiroli ham yana bir necha yil o‘z muxlislarini xushnud etishga qodir edi», - deydi Setyen. Buyuk, lekin fitnachi chempionga nekrolog yozish mas’uliyatini ham El Mundo aynan Kike Setyenga topshirdi.

Kike Setyen shaxmatning futbolga yaqinligi xususida

2016 yilning kuzida bo‘lib o‘tgan «Las-Palmas» - «Real» uchrashuvi arafasida Marca nashrida g‘aroyib intervyu chop etildi: Setyen futbol haqida shaxmat yordamida mulohazalar bildirdi. Quyida uning fikrlari bayon etilgan:

- Hujumga o‘tganda himoyani unutmaslik lozim. Birorta ham figura harakatsiz turmasligi kerak. Futbolda saviyali jamoaning barcha a’zolari ahillik bilan hujumga otlanib, himoyaga ham birga qaytadilar. Tajribasiz shaxmatchilar o‘ylamay-netmay piyodalarini oldinga suradilar, bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi xayollariga kelmaydi.

- O‘xshashliklar juda ko‘p: taxta yoki maydon markazini puxta nazorat qilgan tomonda g‘alaba qozonish imkoniyati ko‘proq bo‘ladi.

- Futbolda g‘alaba har doim kuchli jamoaga nasib etavermaydi. Qisqa muddatli musobaqalarda hatto yuksak saviyali jamoa ham ajoyib o‘yin ko‘rsatgan holda g‘oliblikni boy berib qo‘yishi mumkin. Shaxmatda omadning ulushi juda oz.

- Shaxmat o‘yini futbolning bosh-qacharoq, shu paytgacha men bilmagan qirralarini kashf etishga o‘rgatdi. Butun e’tiborni taxtadagi vaziyatga qaratgandan ko‘ra, uning oqibatini avvaldan taxmin qilish muhimroq ahamiyatga ega.

- Shaxmat ilmining poyoni cheksiz. Futbolda bunday murakkablik yo‘q. Lekin uni tushunish har kimga nasib etavermaydi.

- Bir safar Marca «Real» o‘yinchilarini shaxmat donalariga qiyoslashni iltimos qildi. Shunda mana bunday manzara hosil bo‘ldi: Modrich - farzin. Futboldagi har qanday ssenariyni oson tushuna oladigan universal jangchi. Bu fazilat men uchun juda muhim. U yarim himoya-ni boshqaradi, o‘yinni a’lo darajada o‘qiydi, xuddi farzindek harakatchan. Krishtianu (hozir «Yuven-tus»da) - ajoyib yakunlovchi. U mot e’lon qiluvchi figura. Uni rux, farzin yoki raqib hududiga yetib kelgan dovyurak piyodaga qiyoslash mumkin. Morata (hozir «Chelsi»da) va Beyl - o‘ta tezkor o‘yinchilar, ular fillarni eslatishadi.

Setyen mahoratini sir tutadi

«Klubimiz prezidenti bilan shaxmat o‘ynab turaman. Ikkovimiz ham mahorat bobida maqtana olmaymiz. Ammo o‘yinning zavqi o‘zgacha. Saviyamiz bir xil bo‘lgani bois, xotirjam dona suraman, futbol tashvishlarini unutaman», - deydi Kike. Setyenning e’tirofi samimiy bo‘lsada, hammasiga ishonish to‘g‘ri emas. Albatta, «Betis» bosh murabbiyi timsolida buyuk shaxmatchi yashirinmagan, uning rejalarida yirik musobaqalarda dona surish niyati mavjudligiga shubha bor. Ammo Kike Andalusiyaning eng noshud shaxmatchisi emasligi aniq. FIDEning rasmiy saytida uning nomi zikr etilgan, Elo reytingidagi 2055 ball ko‘rsatkichi - hurmatga loyiq natija. Yillar bo‘-yicha qayd etilgan natijalardan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, Setyen anchadan beri ball beriladigan turnirlarda qatnashmayapti.

«Havaskor shaxmatchi uchun ajoyib sharoit. Murabbiy sport ustasi unvoniga nomzod darajasiga yaqin saviyaga ega. Yuksak natija! Bunday reytingga erishish uchun professional shaxmatchi bo‘lish shart emas. Sport ustalari va grossmeysterlar ishtirokidagi musobaqalarda havaskorlar ham bemalol dona surishlari mumkin. Kike aynan shunaqa turnirlarda ochko jamg‘argan. Ha, u o‘z ishtirokini to‘xtatib qo‘ysa ham, reytingi pasayib ketmaydi. Shaxmatchi shunchaki «passivlar» guruhidan joy oladi va istagan paytida musobaqalarga qayta oladi», - deya izoh berdi o‘zining yulduzli onlarini kutib yurgan Oleg Baransev.

Shu yilning bahorida Kike Setyen hamda uning sparring-hamkori bo‘lmish «Betis» prezidentini Ispaniyaning kuchli shaxmatchilaridan biri David Anton Gixarro sinovdan o‘tkazdi. Mazkur uchrashuv La Liga matbuot xizmati tashabbusi bilan uyushtirilgani bois, bahslar bu ikki sport turlari o‘rtasidagi uzviylik mavzusiga ulanib ketdi. Yangi asrning ilk yillarida Setyen Vladimir Kramnik va 12 yoshli Sergey Karyakinlar bilan kuch sinashgandi. Yaqinda murabbiy o‘z intervyusida bir paytlari shaxsan Garri Kasparovga qarshi dona surganini tasdiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Kike va Garri bir yo‘la ikki marta o‘zaro duch kelishgan. O‘sha paytda Setyen to‘p surgan «Atletiko»dagilar uning shaxmat ishqibozi ekanligidan yaxshi xabardor edilar. «Bir kuni menga qo‘ng‘iroq qilib, Kasparov shahrimizda ekanligi va havaskorlarga seans berishi haqida aytishdi. Men esa Garrining futbolga befarq emasligini bilardim. Shu sababli avval yashil maydonda uchrashishimizga shubha qilmadim. Birinchi bo‘limda biz qarama-qarshi jamoalarda to‘p surdik. Tanaffusda Kasparov uning jamoasiga o‘tishimni iltimos qildi. Men libosimni almashtirib, u bilan yonma-yon o‘ynay boshladim. To‘pni egallab olgach, Garrini qulay vaziyatga olib chiqish pa-yida bo‘ldim. Ammo uning zarbalari goh noaniq, goh darvozabonning o‘ziga yo‘llanardi. Xullas, Kasparovga gol urish nasib etmadi. U bilan shaxmat taxtasi atrofida o‘tkazgan bahsimiz esa men uchun bebaho tajriba bo‘ldi», - deya suhbatga xotima qo‘ydi o‘z vaqtida «Real» va «Barsa»ni mot qilgan «Betis» bosh murabbiyi.

[kulrang]Manba: interfutbol[/kulrang]
Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR
Umumiy: 1
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR
BOSH SAHIFA
ONLINE: 0 / 21