logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 22:06
KirishA'zo bo'lish
Saxovatli Sadio yoxud kichik klublarga pul ajratayotagn futbolchilar

4 MART, 10:05 112

.

«Liverpul» yulduzi Sadio Mane Frantsiyaning to'rtinchi ligasi vakili hisoblangan «Burj Fut» klubiga shaxsiy jamg'armasidan pul ajratishga qaror qildi. Angliyadagi manbalarning xabar berishicha, bu mablag' infratuzilmani yaxshilash, shuningdek, yoshlar va ayollar jamoalarini tuzishga sarflanadi.

Bu shunchaki mish-mish emas: «Liverpul»ning 10-raqamli vingerining frantsuz futboliga investitsiya kiritmoqchiligini Burj shahri meri Yann Galu ham tasdiqladi. Uning aytishicha, agar koronavirus tufayli vujudga kelgan cheklovlar bo'lmaganda, Mane va «Burj Fut» allaqachon kelishib ulgurgan bo'lishardi.

«Sadio bilan o'rnatgan aloqamiz jiddiy, deyish mumkin. U chindan ham shahar meriyasi bilan gaplashgan. Muzokaralar muvaffaqiyatli kechadimi? Xalqaro vaziyat va pandemiya sabab yuzaga kelgan inqirozni inobatga olsak, bu borada aniq fikr bildirolmayman. Agar COVID bo'lmaganda, Mane allaqachon Burjdagi muxlislar ko'z o'ngida ko'rinish berardi. Sadio bilan gaplashganimizda, uning falsafasi menga juda yoqdi. Bunga shunchaki biznes sifatida qaramayapti - u odamlar futbol bilan qulay tarzda shug'ullanishlarini istamoqda. Ayniqsa, ayollar jamoasini tuzishning muhimligini ikkimiz ham bir ovozdan tasdiqladik», - dedi Galu Liverpool Echo nashriga bergan intervyusida.

Mane quyi ligalardagi futbol rivoji yo'lida pul sarflamoqchi bo'lgan yagona futbolchi emas. Quyida yana bir nechta misollarni keltirib o'tamiz:

O'tgan yilning sentyabrida «Arsenal» himoyachisi Ektor Belerin Britaniya to'rtinchi divizioni jamoasi - «Forest Grin Rovers»dagi ikki foizli ulush uchun 250 ming funt ajratdi. Mazkur klub turli ekologik va etik innovatsiya-lar tarafdori, xususan, uglerodlarning atmosferaga tarqalish darajasini kamaytirish bo'yicha tashabbus ko'rsatadi. Shularning bari Belerinni loyihaga qo'shilishga undadi.

Birdaniga to'rt o'yinchi - Eden Azar, Demba Ba, Yoan Kabay va Mussa Sou - 2017 yili birgalikda Amerikaning «San-Diego 1904» futbol klubi xo'jayinlariga aylanishdi. Hozir mazkur jamoa Amerikaning uchinchi darajali divizioni - NASA (National Independent Soccer Association)da qatnashmoqda.

«Forest Grin» Belerinning «Arsenal»iga qarshi o'yin o'tkazsa nima bo'ladi?

Hozir faoliyatini davom ettirayotgan futbolchilarning kichik jamoalarga pul ajratishlari - ayni payt trendga aylanmoqda. Aksariyat muxlislarda esa mantiqan to'g'ri bo'lgan bir savol tug'ilmoqda: bu qonuniymi? Axir o'yinchilarga futbol atrofidagi boshqa voqealarga faol aralashuv taqiqlanadi. Deylik, bukmekerlik idoralariga pul tikish.

Yo'q, mazkur holatda hammasi toza: mabodo, Belerinning «Arsenal»i Angliya kubogida «Forest Grin»ga ro'para kelib qolsa, Ektor sof vijdon bilan maydonga tushishi mumkin. Bir nech-ta klublarga investitsiya kiritish yoki ularga egalik qilish, qachonki, bir turnirda o'zaro to'qnash kelishi mumkin bo'lgan ikki klubdagi «hal qiluvchi ta'sir doirasi» bir kishiga bog'liq bo'lmas ekan, taqiqlanmaydi.

Hozircha Belerin «Forest»ning 51 foiz aktsiyasini sotib olganicha yo'q, unga bosim qilish shartmas. Xuddi shu gap Manega ham taalluqli. Vaholanki, «Burj Fut» va «Liverpul»ning ayni payt biror musobaqada to'qnash kelishlarini tasavvur qilish mushkul.

O.ATABOEV tayyorladi

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR
BOSH SAHIFA
ONLINE: 0 / 12