logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 13:54
KirishA'zo bo'lish
TAVSIYA QILAMIZ
Yangiliklar tasmasi

Denis Zakariya: «Monako» - ayni men izlagan jamoa»

 6 DEKABR, 2023, 23:48

Shveytsariyalik yarim himoyachi Denis Zakariya 2022 yili Menxengladbax «Borussiya»sidan ketgach, «Yuventus» va «Chelsi» klublarida qisqa, muvaffaqiyatsiz faoliyat olib bordi.

 Joriy mavsum arafasida esa «Monako» safidan qo'nim topdi va aytish mumkinki, allaqachon Adi Xyutter jamoasining ajralmas murvatiga aylandi. Raqamlarda aytsak, Denis hozirga qadar knyazlik klubining 11ta o'yini (906 daqiqa va 1 gol)da qatnashdi. Futbolchi yaqinda Monegask jamoasi rasmiy saytiga bergan intervyusida ham xursandligini yashirmadi: «Asosiysi, «Monako» tarkibida o'z o'rnimni tezda topdim». Aytgancha, Zakariya yangi jamoadagi debyut golini «Lui II» stadionida «Brest»ga qarshi kechgan o'yin (2:0)da nishonladi.

- Denis, ayni payt «Monako»da bir necha yillardan buyon to'p surayotgandek taassurot uyg'otyapsiz. «Qizil-oqlar» safidagi dastlabki oylar siz uchun qanday o'tdi?

- Jamoada meni juda iliq kutib olishdi, yigitlar va murabbiylar munosabati zo'r. Qisqa vaqtda «Monako» ajo­yib klub ekanligini tushundim va hozirda o'zimni a'lo darajada his qilyapman. Xullas, atrofimdagi muhit klubga tezda moslashishimni osonlashtirdi. 

- O'zi Adi Xyutter qo'l ostida uchinchi davrni boshdan o'tkazyapsiz. Bu mutaxassisning boshqalardan ajratib turadigan alohida xususiyatlari ham bormi?

- Avvalo, aytishim kerak, menga professional futbol eshiklarini aynan Xyutter ochgan. Qolaversa, nimalarga qodirligimni juda yaxshi biladi. O'z navbatida, Adi futbolchilardan avvalo, nimalar talab qilishidan xabardorman. Uning o'yin falsafasi esa bir vaqtning o'zida ham tajovuzkor, ham hujumkor va dinamik. Tabiatan harakatchan o'yinga moyilman va Xyutter yo'lga qo'ygan futbolda yayrayapman! Ehtimolki, qarashlarning uyg'unligi ortidan ham «Monako»da qisqa vaqt ichida o'z salohiyatimni qayta ko'rsatishga tushdim. Takrorlayman, hozir «qizil-oqlar» safida, ayniqsa, Adi Xyutter qo'l ostida o'ynayotganimdan baxtiyorman.

- Xo'sh, Xyutter futbolchilar bilan qanday munosabat o'rnatadi?

- O'zini barchaga yaqin oladi, o'zaro munosabatlarimiz juda iliq. Adini katta yurakka ega murabbiy sifatida maqtash mumkin, u shuning barobarida intizom masalasiga engil qaramaydi aslo. Asosiysi, qattiqqo'llik va mehribonlik me'yorini unutmaydi. Shaxsiy fikrimcha, jamoada uning uchun eng muhimi - futbolchilar bilan do'stona aloqalarni saqlab qolish.

- Tarixga nazar solsak, «Yang Boyz» libosidagi deb­yutingiz aynan «Monako»ga qarshi o'yinga to'g'ri kelgan. O'sha uchrashuvni eslaysizmi?

- Ha, albatta. O'shanda mag'lubiyatga uchragandik (ChL-2015|2016 mavsumi dastlabki saralash o'yini - 1:3), lekin bunaqasini unutish mumkin emas. Butun vaqt davomida rosa qiynalganimiz ham esiml­da, zero, «Monako» o'ta kuchli tarkibga ega edi.

- Endi esa o'zingiz «Monako» sharafini himoya qilyapsiz. Jamoaga kelishdan oldin nimalar kutgandingiz va amalda nimalarni ko'rdingiz?

- Hammasi ajoyib! Aytganimdek, bizda ham sport, ham muhit nuqtai nazaridan ajo­yib jamoa bor. Yana tarkibda iste'dodli futbolchilar ko'p, ayniqsa, yoshlar orasida. Oddiy ifoda etganda, bugungi «Monako»da muvozanat mujassam. To'g'ri, har bir o'yinda kontsentratsiyani yuqori darajada ushlab turishimiz va natija uchun bor kuch bilan kurashishda davom etishimiz kerak.

- Mana, «Brest» bilan o'yinda jamoadagi gollaringiz hisobini ham ochdingiz...

- Tushunarliki, gol har qanday futbolchiga ko'tarinkilik bag'ishlaydi, unga dadillik beradi. Shunday ekan, «Monako» libosida raqib darvozasini nishonga olganim ayni muddao bo'ldi. Umid qilamanki, bu oxirgisi emas - mahsuldorlikni sekin-asta oshirib boraman. Muxlislarni ishontirib aytamanki, jamoaga imkon boricha ko'proq naf keltirish yo'lida bor imkoniyatlarni ishga solaman.

- E'tiborli tomoni, birinchi golni «Lui II»ga yig'ilgan muxlislar bilan birga nishonladingiz...

- Ha, bu aql bovar qilmas onlar sifatida miyamga muhrlandi. Muxlislar «Lui II» stadionida bizni hamisha qo'llab-quvvatlashga tayyorlar, ular jamoani aslo yolg'izlatib qo'ymaydilar. Umid shuki, ular bizni qo'llashdan sira charchamaydilar va o'z navbatida, ishonchni oqlash uchun o'yindan o'yinga harakatni kuchaytirib boramiz.

- Aytish mumkinki, muxlislar stadionga go'zal futboldan bahra olish uchun talpinishadi...

- Shubhasiz shunday. Ochig'i, muxlislar sust o'ynaydigan jamoani qanday yoqtirishlarini bilmayman... Umuman, shaxsiy fikrimcha, ular avvalo, sevimli jamoalarini qo'llab-quvvatlash uchun kelishadi. Agar jamoa chiroyli futbol ko'rsatsa va ko'p gol ursa, muxlislar chinakamiga rohatlanishadi va bu ularning missiyalarini ham osonlashtiradi.

- «Monako» uchun birinchi golni «ikkinchi qavat»dagi kurashda ustunlik qilish asnosida urdingiz. Murabbiy esa bu masalada siz bilan alohida hazillashdi.

- Ha, ozgina. Chindan ham, bo'yim ancha baland, lekin bosh bilan o'ynash borasida uncha maqtanolmayman. Shu ma'noda «Monako»dagi birinchi golni bosh bilan zarba evaziga urganimdan ikki hissa quvondim. Aslida Xyutter qo'l ostida oldin ham bosh bilan bir necha marta gol urganman. Shuning uchun uning meni nega tepganini tushunolmadim. Jiddiy gapirsam, jamoaga yanada ko'proq foyda keltirish uchun bu jihatni yaxshilashim zarur. Albatta, mavsum davomida bosh bilan yana qator gollar urishdan umidvorman.

- Bilishimizcha, yoshligingizda hujumchi rolida maydonga tushgansiz, shundaymi?

- Ha. Adashmasam, 16 yoshgacha hujumda o'ynaganman va tez-tez gol ham urardim. Keyinchalik jamoamizda murabbiy o'zgardi va u meni himoyaga surib tashladi (kuladi). Ochig'i, bu o'zgarish men uchun jiddiy zarba bo'lgandi. Muhimi, yangi ampluaga tez moslashdim. Oradan ko'p o'tmay, murabbiy yana almashdi va qanotga ko'chishimga to'g'ri keldi. Ammo himoyada o'ynasam, jamoaga ko'proq nafim tegishi mumkinligini tushundim, shuning uchun bu borada murabbiy bilan alohida gaplashdim. Yakunda u meni yarim himoya markaziga qo'ya boshladi. Shu-shu o'zim uchun eng munosib pozitsiyani topdim. Zero, yarim himoyada hammasini birlashtirish imkoni bor - himoyaga qarashaman va gohida hujumga ham qo'shilaman.

- Asosan qaysi yarim himoyachilar o'yinidan ilhomlanasiz?

- O'tmishda Patrik Vieyra men uchun markaziy hududning benazir ijrochisi sanalgan. Menimcha, ikkimizda o'xshash jihatlar juda ko'p, bo'yimiz ham deyarli bir xil. Qisqasi, Vieyraga haqiqiy ilhom manbai sifatida qaraganman. Vaqtida «Monako» sharafini himoya qilgan Yaya Ture haqida ham xuddi shu gaplarni aytishim mumkin.

- Bugungi kungacha faoliyatinizda ro'y bergan eng esda qolarli voqelikni bayon eta olasizmi?

- Birinchi navbatda, klub va terma jamoadagi debyut o'yinlarimni tilga olaman! Har ikki holat futboldagi hayotimda alohida lahza sanaladi. Tushunarliki, birinchi uchrashuvda ma'lum darajada hayajonlanasiz, tanangizda o'zgacha to'lqinlanishni sezasiz. Xullas, har ikki darajadagi debyut alohida ahamiyat kasb etadi men uchun.

M.PO'LATOV tayyorladi

Manba: stadion.uz

butsanet

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR